AsosiyJamiyat

35 ta tuman va shaharda suv ta`minoti uchun nazoratchilarning aholidan pul undirish ishlari to`xtatildi

'35 ta tuman va shaharda suv ta`minoti uchun nazoratchilarning aholidan pul undirish ishlari to`xtatildi'ning rasmi

“O`zsuvta`minot” AJ tomonidan sohani raqamlashtirish orqali to`lov intizomi va madaniyatini yaxshilash, shuningdek, etkazib berilayotgan ichimlik suvi va ko`rsatilayotgan oqova suv xizmatlari uchun to`lovlarning shaffofligini yanada oshirish orqali korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida 2021 yil 20 mayidan boshlab pilot loyiha tariqasida Toshkent viloyatining Qibray va Toshkent shahrining Olmazor hamda Shayxontohur tumanlarida suv ta`minoti korxonalarining nazoratchilari tomonidan xizmatlar uchun aholidan pul undirish ishlari to`xtatilgan edi.

Ushbu hududlarga biriktirilgan nazoratchilar faqat belgilangan tartibdagi kuzatuv va xatlov ishlari bilan shug`ullanib, ular tasarrufidagi to`lov terminallari va termoprinterlar boshqa hududlarga biriktirilgan.

Etkazilgan ichimlik suvi va ko`rsatilgan oqova suv xizmatlaridan kelgan tushumlar miqdori joriy yil yanvar-oktyabr oylarida 1,3 trln. so`mni tashkil etib, o`tgan yilning mos davriga nisbatan 519 mlrd. so`m yoki 71 foizga oshgan.

Ushbu ijobiy tendensiyadan kelib chiqib, joriy yil avgust-noyabr oylarida respublikamizning 32 ta tuman va shaharlarida ham ushbu loyiha amalda tadbiq etilgan edi.

“O`zsuvta`minot” AJ Matbuot xizmatining bizga ma`lum qilishicha, joriy yil 1 dekabrdan boshlab esa bunday tartib respublikamizning yana 35 ta tuman va shaharlarida, shu jumladan Qoraqalpog`iston Respublikasining Nukus va Mo`ynoq tumanlarida, Andijon viloyatining Asaka tumani va Xonobod shahrida, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida, Jizzax viloyatining Zafarobod, Forish va G`allaorov tumanlarida, Qashqadaryo viloyatining Qarshi va Dehqonobod tumanlarida, Namangan viloyatining Pop va To`raqo`rg`on tumanlarida, Samarqand viloyatining Narpay tumanida, Surxondaryo viloyatining Sherobod va Bandixon tumanlarida, Sirdaryo viloyatining Yangier shahrida, Toshkent viloyatining O`rtachirchiq va Quyichirchiq tumanlari, Toshkent shahrining Bektemir va Yangi hayot tumanlarida, Farg`ona viloyatining barcha tuman va shaharlari, Xorazm viloyatining Shovot va Tuproqqal`a tumanlarida joriy etilishini ma`lum qilmoqda.

Ushbu hududlarda iste`mol qilingan ichimlik suvi va foydalanilgan oqova suv xizmatlari uchun suv ta`minoti korxonalari nazoratchilari to`g`ridan-to`g`ri to`lov talab qilishlari holatlariga duch kelsangiz, “O`zsuvta`minot” AJ Komplaens-nazorat bo`limining +998555031055 telefon raqamiga yoki stopcorruption@umail.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilishingiz mumkin.

O`z navbatida, ichimlik suvi ta`minoti va oqova suv xizmatlari uchun to`lovlarni o`z vaqtida amalga oshirishda Siz qulay va tezkor bo`lgan quyidagi vositalardan foydalanishingiz mumkinligi eslatib o`tamiz:

- Cabinet.uzsuv.uz shaxsiy kabinet orqali;

- @uzst_bot telegram-boti orqali;

- Click, Apelsin, Paynet, Upay, Payme, Oson kabi elektron to`lov tizimlari hamda to`lov infokiosklari orqali;

- tijorat banklari mobil ilovalari orqali;

- tijorat bank kassalari va shaxobchalari hamda pochta bo`limlari orqali.

 

 

    Boshqa yangiliklar