Nufuzli “Matchroom Boxing” kompaniyasi shu yilning 17 dekabr sanasida Toshkent shahrida professional boks oqshomi tashkil etilishi haqida rasman e`lon qildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishichа, boks oqshomining markaziy jangida hamyurtimiz Isroil Madrimov Fransiya sharafini himoya qilayotgan Mishel Soroga qarshi ringga ko`tariladi.
Ayni paytda Mishel Soro WBA reytingida 1-o`rinni egallab turibdi. Isroil Madrimov esa 2-pog`onadan joy olgan. Mazkur jangda g`olib chiqqan bokschi chempionlik jangi uchun majburiy da`vogarga aylanadi.
Shuningdek, ushbu kechada professional boksda faoliyat ko`rsatayotgan hamyurtlarimizdan Shahram G`iyosov, Hasanboy Do`smatov, Bektemir Meliqo`ziev, Iqboljon Xoldorov, Elnur Abduraimov va Dilshodbek Ro`zmetovlar ham ringga ko`tarilishi kutilmoqda.






