AsosiyJamiyat

Endi profilaktika inspektorlari yuridik yo`nalishi bor OTMga o`qishga imtihonlarsiz qabul qilinishi mumkin

'Endi profilaktika inspektorlari yuridik yo`nalishi bor OTMga o`qishga imtihonlarsiz qabul qilinishi mumkin'ning rasmi

“Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining yuridik yo`nalishdagi bilimlarini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–23-son, 30.11.2021 y.) qabul qilindi

Qarorga ko`ra, 2022/2023 o`quv yilidan ichki ishlar organlarida 3 yildan ortiq ish stajiga ega bo`lgan, kasbiga fidoyi, tashabbuskor profilaktika (katta) inspektorlari quyidagi OTMga kirish imtihonlarisiz sirtqi ta`lim shakliga o`qishga qabul qilinadi:

🔸 Jamoat xavfsizligi universitetiga;

🔸 Toshkent davlat yuridik universitetiga;  

🔸 yurisprudensiya sohasida bakalavriat ta`lim yo`nalishi mavjud bo`lgan boshqa davlat OTMga (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Davlat bojxona qo`mitasining Bojxona instituti bundan mustasno).

➡️ Bunda profilaktika (katta) inspektorlariga o`qishga tavsiyanomalar berish uchun komissiya tashkil etilib, nomzodlar test imtihonlaridan o`tkaziladi.

Tavsiyanomalar OTM o`rtasida teng taqsimlanadi.

O`qishga qabul qilish to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda kontrakt mablag`lari respublika byudjeti mablag`lari hisobidan to`lab beriladi.

Tavsiyanomaga ega profilaktika (katta) inspektorlari OTMning sirtqi ta`lim shakliga qabul parametrlaridan tashqari o`qishga qabul qilinadi.

Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 maygacha 100 nafar profilaktika (katta) inspektorlariga tavsiyanoma berilishi nazarda tutilgan.  

Tavsiyanoma asosida OTMda sirtqi ta`lim shaklida o`qigan bitiruvchilarga ichki ishlar organlarida kamida 5 yil xizmat o`tab berish majburiyati yuklatiladi. 

    Boshqa yangiliklar