AsosiyJamiyat

BMT maxsus ma`ruzachisi Ichki ishlar vaziri bilan uchrashdi

'BMT maxsus ma`ruzachisi Ichki ishlar vaziri bilan uchrashdi'ning rasmi

Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po`lat Bobojonov Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilish, asosiy erkinliklarini ilgari surish bo`yicha maxsus ma`ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn xonimni qabul qildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda huquqni muhofaza qilish sohasida ichki ishlar organlari xodimlarining bilim va ko`nikmalarini oshirish, moddiy-texnik jihatdan qo`llab-quvvatlash yo`nalishida BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan hamkorlik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganligini har ikki tomon mamnuniyat bilan ta`kidlab o`tdilar.

BMT maxsus ma`ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn xonim samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, O`zbekistonda so`nggi yillarda Prezident Sh.Mirziyoev boshchiligida inson manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta`minlash borasida erishilgan ijobiy natijalarni alohida ta`kidladi.

Ayniqsa, xorijiy davlatlarda og`ir ahvolga tushib qolgan fuqarolarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko`rsatish, ularni qo`llab-quvvatlash, jumladan “Mehr” insonparvarlik aksiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholab, bu yo`nalishdagi ishlar kelgusida ham izchil davom etishiga ishonchi komil ekanligini bildirdi.

Uchrashuv davomida BMT delegasiyasi a`zolarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi. Tomonlar kelgusida ham huquqni muhofaza qilish sohasida amaliy hamkorlik va maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ma`lum qildilar.

    Boshqa yangiliklar