AsosiyJamiyat

Baxtiyor Saidov: "Maktablarda sharoit, infratuzilma yaxshilanishini kutsak, bolalarni yo`qotamiz"

'Baxtiyor Saidov: "Maktablarda sharoit, infratuzilma yaxshilanishini kutsak, bolalarni yo`qotamiz"'ning rasmi

Xalq ta`limi vaziri  Baxtiyor Saidov ustoz va ota-onalarga murojaat bilan chiqdi:

" Aholining xalq ta`limi tizimini o`rganishi maqsadida qilgan murojaatimdan so`ng Sizlardan juda ko`plab taklif, fikr va mulohazalar kelib tushdi. Ta`lim sohasiga bo`lgan bunday e`tiborni ko`rib, to`g`risi juda quvondim.

Mas`ul xodimlar ko`magida imkon qadar har bir murojaat bilan tanishib chiqishga harakat qildik, zarurlari tegishli mutasaddilarga yo`naltirildi.

Xabaringiz bo`lsa, o`tgan haftada vazirlik vakillaridan iborat ishchi guruh bilan birgalikda 3 ta viloyatda bo`ldik. Maktablarning sharoitlarini o`rgandik. To`g`risi, ahvol qoniqarli emas. Afsuski, maktablarimizda ta`lim sifatini yaxshilash uchun juda katta va ko`p ishlar qilishimiz kerak.

Davlatimiz Rahbari ta`lim tizimi, farzandlarimizning kelajagi haqida juda kuyunyaptilar va eng oliy vazifamiz deb belgilayaptilar. Shu bois, kerak bo`lsa har bir hudud rahbaridan bugun o`z viloyat va tumanidagi barcha maktablar sharoitini bilish talab etiladi. Joylarda fan o`qituvchilarining bilim va saviyasini oshirishimiz kerak. Ayrim o`qituvchilar bilan suhbatlashdim, afsuski, hatto o`z fani bo`yicha oddiy savolga ham javobni bilmaydigan o`qituvchilar bor ekan. Xo`sh, nima qilish kerak? Viloyatda, tumanda, maktabda hatto bir nafar yaxshi pedagog bo`lsa ham foydalanib, kerak bo`lsa uni qolgan hamkasblariga mahorat darsi o`tkazishga jalb etgan holda maktablarda ta`lim sifatini oshirishimiz kerak. Sinfda 20 nafar boladan 18 nafari fanni zo`r bilsa, demak bu o`sha fan o`qituvchisining yutug`i, demak u o`quvchilarini o`z faniga qiziqtira olgan. Agar shu sinf o`quvchilaridan 1-2 nafarigina fandan bilimi kuchli bo`lsa, demak u iqtidorli o`quvchi yoxud ota-onasi repetitorga bergan, o`qituvchi esa dars vaqtida o`z fanini etkazib bera olmayotganidan dalolat.

To`g`ri, maktabda sharoit yo`q dersiz, lekin o`qituvchi o`sha erda vaqtini ketkazib o`tiribdi-ku, jonkuyarlik bo`lmasa nima qiladi bu kasbni tanlab?! Uning qo`lida inson taqdiri yotibdi! Maktablarda sharoit, infratuzilma yaxshilanishini kutsak, bolalarni yo`qotamiz.

Menga kelgan murojaatlardan ko`rinib turibdiki, joylardagi ayrim maktablarda muhit yaxshi emas. Mazkur maktablardagi muhitni yaxshilashga hatto hudud xalq ta`limi rahbarining ham kuchi etmayapti.

O`qituvchilar o`z murojaatlarida meni maktablariga borib, sharoitni o`rganishga taklif qilgan. Qani edi, hamma maktablarga birdaniga borishga imkonim bo`lsa har birining holatini o`rganib, shaxsan nazoratga olardim. Bunga vaqt kerak, lekin albatta hammasiga boramiz. Bu yo`nalishda hududiy rahbarlar bilan tizimli ish tashkil qilishga kelishib oldik. Hudud rahbarlarining mas`uliyatini va vakolatini yanada oshiramiz.

Mulohazalarda qayd etilganidek, biz bilimli, jonkuyar va fidoyi kadrlarni topishimiz kerak. Buning uchun kerak bo`lsa pedagogika universitetlari bilan hamkorlikni kuchaytiramiz. Har bir bitiruvchi bilan suhbatlashib, eng yaxshilarini maktablarga jalb etamiz.

Shu o`rinda barchangizga yuborilgan fikr va mulohazalaringiz uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Sizlardan kelgan har bir mulohaza va taklifdan kelgusi ish faoliyatimizda foydalanamiz"

    Boshqa yangiliklar