Sahifamizning galdagi mehmoni aktrisa Rayhon ULASENOVA shirinlik tayyorlashda usta bo`lmagani bois, bu borada «Palet» restoraning shirinlik bo`limi bosh oshpazi Nurmuhammad MO`MINOVdan maxsus saboq oldi. Natijasiga o`zingiz guvoh bo`lishingiz mumkin…

Shirinlik uchun zarur masalliqlar:
50 gr.sut,
350 gr. qaymoq,
100 gr. shakar,
6 ta tuxum sarig`i,
vanil qalamchasi,
bezatish uchun mavsumiy mevalar, ta`bga ko`ra muzqaymoq.
Tayyorlanishi:
1-jarayon:
Idishga qaymoq, sut, shakar, vanil qalamchasi solinadi. Vanil qalamchasini o`rtasidan bo`lib, keyin ko`ndalangiga kesiladi. So`ng pichoq bilan usti qirib, mag`zi masalliqqa qo`shiladi va gazga qo`yiladi. Shakar erishi uchun masalliqni aralashtirib turish lozim. Bitta qaynab chiqsa kifoya, gazdan olib sovitiladi.

2-jarayon:
Sovigan masalliqqa tuxum sarig`i solib aralashtirib turiladi. Tayyor bo`lgan aralashmani shishali qolipga elakchadan o`tkazib quyiladi. Sababi, tuxum sarig`ining durdasi elakda ushlab qolinishi kerak. Va shisha qolipdagi aralashmani o`rta olovdagi suvda 50 daqiqa pishirib olinadi.
3-jarayon:
Gazdan olib, ustiga shakar sepiladi va maxsus moslamada kuydiriladi. Bu shirinlikka karamel ta`m beradi. Ustini mavsumiy mevalar hamda muzqaymoq bilan bezatiladi. Hamma ta`bga ko`ra turlicha ko`rinish berishi mumkin.
ESLATMA!
Shishali istalgan shakldagi qolipdan foydalanishingiz mumkin. Shisha qolip bo`lishiga e`tibor bering, yo`qsa suvda qaynayotganida yorilib ketadi.
Vanil qalamchasining o`rniga bir chimdim vanilin solsa ham bo`ladi.
Sutni o`rniga qaymoq ishlatish ham mumkin.

RAYHON ULASENOVADAN FOYDALI MASLAHATLAR
Tvorog yoki smetana uzoq muddat saqlanishi uchun ular saqlanadigan idish yoki bankani ustki qismini pastga to`nkarib qo`ying. Shunda vakuum hosil bo`ladi va sut mahsulotingiz mog`orlab qolishiga sabab bo`ladigan bakteriyalar paydo bo`lishini oldi olinadi.

Rediska, selder, sabzi barraligini yo`qotsa, ularni muz va xom kartoshka solingan suvga botirib qo`ying. Mahsulotlar ko`zingiz o`ngida asl holiga qaytadi.
Sarg`ayib qolgan ko`katlarni esa tashlab yuborishga shoshilmang! Ularni to`g`rab, muzlatgichning muz idishiga solib, ustidan olivka yog`idan quying. Uni muzxonada saqlang, zarur vaqtda salat, sous va sho`rvalarga ishlatsangiz bo`ladi.
Kartoshka nish otmasin, desangiz uni olma bilan birga saqlang. Olmadagi etilen nishlar paydo bo`lishiga yo`l qo`ymaydi.
Tuxum uzoq saqlanishi uchun sovutgichga solishdan oldin unga o`simlik yog`i suring.
Bir necha tomchi limon suvi zarur bo`lsa, uni kesish shart emas. Limonni tish tozalagich bilan teshib, sal siqsangiz, shu zahoti libom sharbati tomchilay boshlaydi. So`ng teshikni skotch bilan yopib, muzlatgichga saqlayverasiz.
Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi.





