Stokgolm meri Karin Vangard “Evrovidenie-2016” musiqa tanlovining boshlanishiga vaqtning teskari sanog`ini ishga soldi.
Sal ilgari Shvesiya poytaxtining Norrmalmstorg maydonida tanlovning uch o`lchamli ramzi bo`lmish ulkan, nur taratib turgan shar paydo bo`lgan edi. Atrofi o`zidan nur taratayotgan gullar bilan bezatilgan ulkan shar uzoqdan mayin momaqaymoqni eslatadi. Uning diametri 4 metr bo`lib, balandligi 8,5 metrni tashkil etadi. “Nur taratuvchi shar” alyumin, plastik va diodli chiroqlardan tayyorlangan bo`lib, ular nafaqat yonib turadi, balki o`zidan yoqimli ifor ham taratadi.
Qurilma ijodkorlarining ta`kidlashicha, ular aynan momaqaymoqdan ilhomlanib, bu go`zallikni yaratishgan, chunki momaqaymoq moslashuvchanligi, hayotiy kuchga egaligi va qayta tug`ilishi bilan boshqa o`simliklardan farq qiladi. “Momaqaymoq urug`lari atrofga sochiladigan bo`lsa, ular qo`ngan joyda yangi hayot dunyoga keladi”, deyiladi “Evrovidenie” rasmiy saytida.
Ulkan “momaqaymoq” tagiga monitor o`rnatilgan bo`lib, unda tanlov boshlanishiga necha kun qolganini ko`rsatuvchi kunlar va soatlar raqami aks etib turibdi. Teskari sanoq tugagach, uni Globen-Arena tumanidagi tanlov o`tkaziladigan maydonga ko`chirish ko`zda tutilgan.
Shvesiya poytaxti meri teskari sanoqni boshlashdan oldin shunday dedi: “Musiqa chegaralar, millatlar, madaniyatlar, tillar mavjudligiga qaramay, insonlarni birlashtiradi, o`ziga jalb etadi, bir-biriga bog`laydi. Musiqaning bu qobiliyati ayni shunday notinch kunlarda juda muhimdir. Biz ona shahrimiz Stokgolmda tanlov qatnashchilarini, Evropa ahlini kutib olishdan bag`oyat mamnunmiz”.
“Evrovidenie” tanlovining ilk bosqichi 10,12 va 14 may kunlari bo`lib o`tadi.





