Toshkent shahri Shimoliy vokzal yaqinida, 94-umum ta`lim maktabi yonida ikki avtomobil ishtirokida yo`l-transport hodisasi sodir bo`ldi. Bu haqda Facebook ijtimoiy tarmog`ining “Voditeli Tashkenta” guruhi a`zolari xabar berdi.
Guruhga joylangan suratlarda Captiva avtomobilining ag`darilib ketganini ko`rish mumkin. Nissan Altima esa yo`l chetidagi svetofor ustuniga kelib urilgan. YTH oqibatida har ikkala mashina ham jiddiy zarar ko`rgan. Suratlarda voqea joyiga YPX xodimlari etib kelganini ko`rish mumkin.



Izohlarda guruh ishtirokchilari yo`l-transport hodisasi katta tezlikda avtomobilni boshqarish oqibatida kelib chiqqanini taxmin qilmoqda. Shuningdek, foydalanuvchilar mazkur hududda deyarli har doim YPX xodimlari turishi, ammo ayrim haydovchilar hatto bunga ham e`tibor bermay tezlikni oshirishlarini aytib o`tishgan.

Ma`lumotlarga ko`ra,Captiva katta tezlikda kelayotgan bo`lgan va Nissan Altima`ni ko`rmay qolgan. Nissan Altima`ni ayol kishi boshqarib ketayotgan bo`lgan. Uning ichida bolalar ham bo`lgani aytilmoqda.

Yo`l-transport hodisasi oqibatida hech kim jiddiy jarohatlanmagan. Voqea guvohlarining biri hamma sog`-omon ekanligini bildirgan.





