Otasiga va modaga bo`lgan muhabbati tufayli Melbrun (Avstraliya) da yashovchi kichkintoy Xarlou Xerbison-Fuetes besh yilga Instagramning moda yulduziga aylandi, deb xabar berdi “Deti.mail.ru” nashri.

The Daily Mailning yozishicha, Xarlouning otasi Pit Fuentes bundan ikki yil muqaddam qiziga bo`lgan muhabbatini “hujjatlashtirish”, qizi katta bo`lganda birga tomosha qilish uchun o`ziga Instagram sahifa ochib olgan. Hozirda uning The Daddy Fashion Stylist akkauntida malla sochli Xarlouning dunyoning eng etakchi brendlariga mansub bo`lgan go`zal liboslarini kiyib tushgan bir necha suratlari mavjud. Bu guruh a`zolarining soni hozirgi kunda 110 mingdan oshib ketgan.

Bundan tashqari fotoblog yaxshigina daromad ham keltiradi. Blog topayotgan mablag`ning barchasi Xarlouning bankdagi hisob raqamiga tushadi. Pitning aytishicha, “Xarlou balog`atga etgach, bu pulga avtomashina sotib olib, sayohatga chiqishi, ko`ngli tusagan narsa uchun ishlatishi mumkin”.

Pit va uning rafiqasi Jeyson bundan to`rt yil muqaddam Xarlou bir yoshdaligi vaqtida Los-Anjelesdan Melburnga ko`chib kelgan. Xarlou tug`ilgandan keyin Pit hayotini qiziga bag`ishladi — u qizchani darsga, raqs mashg`ulotiga, mehmonga olib boradi. Shu bilan birga uning garderobi, soch turmagi va uydagi tartib-intizomi bilan shug`ullanadi. “ Bu men uchun katta ish, ammo shu paytgacha bajargan vazifalarim ichida eng samaralisidir”, – deydi Pit.

Otaning aytishicha, Xarlou hali o`zining mashhurligini anglamaydi, u chiroyli kiyinishni va suratga tushishni juda yaxshi ko`radi. Pit har kuni, kundalik hayotda ham qo`lidan fotoapparatni qo`ymaydi. U birinchi galda Xarlouning kayfiyatiga qaraydi, agar qizcha suratga tushishni istamasa, s`yomka bo`lmaydi. “Suratga tushish uning qalbini quvonchga to`ldirishi lozim”, deydi Pit.

Xarlouning shaxsiy uslubchisi vazifasini bajaruvchi Pit, qiziga kiyim tanlayotganda uning qulay va ixcham bo`lishiga katta e`tibor beradi. Uning aytishicha, Xarlou ko`ylak kiyishni yoqtiradi, shu sababli uning ko`ylak kiyib tushgan suratlari bir talay.

“Xarlou qizchalarga xos go`zallikning haqiqiy timsolidir”, – dedi Pit. – U juda ham mehribon, g`amxo`r va xayrixoh qiz”. U Xarlou bilan juda iliq munosabatda. “Biz har kuni bir-birimizni qanchalik yaxshi ko`rishimizni takrorlaymiz, bu so`zlar quchoqlashish bilan o`z tasdig`ini topadi”, – deydi mehribon ota.





