Toshkent shahar hokimining qaroriga ko`ra, “Navro`z” umumxalq bayrami o`tkazish vaqtida yo`llarda harakatlanish xavfsizligini ta`minlash maqsadida bir qator ko`chalarda transport harakatining cheklanishi belgilandi.
Unga ko`ra, 21 mart kuni soat 06:00 dan 16:00 ga qadar “Bunyodkor” shoh ko`chasining Muqimiy ko`chasi bilan kesishuvidan to “Qoratosh” ko`chasi bilan kesishuvigacha, “Qoratosh” ko`chasining “Samarqand darvoza” ko`chasi bilan kesishuvidan “Bunyodkor” shox ko`chasi bilan kesishuvigacha, “O`zbekiston” ko`chasining “Bunyodkor” shoh ko`chasi bilan kesishuvidan to “Olmazor” ko`chasi bilan kesishuvigacha, Bobur ko`chasining “O`rikzor” ko`chasi bilan kesishuvidan “Sharshara” ko`chasi bilan kesishuvigacha, “Beshyog`och” ko`chasining “O`zbekiston” ko`chasi bilan kesishuvidan Furqat ko`chasi bilan kesishuvigacha, Furqat ko`chasining “Sharshara” ko`chasi bilan kesishuvidan Navoiy ko`chasi bilan kesishuvigacha, “Olmazor” ko`chasining “O`zbekiston” ko`chasi bilan kesishuvidan “Beshyog`och” ko`chasi bilan kesishuvigacha, “Baynalmilal” ko`chasining “Bunyodkor” shoh ko`chasi bilan kesishuvidan “Beshyog`och” ko`chasi bilan kesishuvigacha bo`lgan qismlarida, shuningdek “Sebzor” hamda “Zarqaynar” ko`chalarining tonnelga kirish joyidan boshlab transport harakati to`xtatiladi.
Qarorda bayram tadbirlari hamda xalq sayllari o`tkazilishi mo`ljallanayotgan “Sebzor” ko`chasining O`zbekiston Davlat sirki maydoniga tutash qismi, Toshkent Hayvonot bog`iga tutash “Bog`ishamol” ko`chasi, “Baxt diyor” guzari oldi maydoniga tutash “Shokirariq” ko`chasi, Markaziy zobitlar uyi (sobiq Aviasozlar saroyi), Mirzo Ulug`bek, Bobur, G`afur G`ulom nomidagi, shuningdek “Gulshan”, Furqat, “Suvchi” dahasidagi “Quyoshcha nuri” istirohat bog`lariga tutash ko`chalarda ham vaziyat taqozo etganda yo`llarda harakatlanishning cheklanishiga ruxsat berilishi ko`rsatilgan.
21 mart kuni soat 06:00 dan 16:00gacha metroning “Yoshlik” hamda “Bunyodkor” bekatlarining “Istiqlol” san`at saroyi tomoni yopiladi.
Qarorda tegishli jamoat transporti xizmati tashkilotlariga tadbirlar hamda sayllar yakunlanishi davrida xizmat ko`rsatuvchi transport vositalarining sonini oshirish vazifasi yuklatilgan.





