O`tgan hafta mobaynida respublikamiz hududida 153 ta yong`inlar qayd etilgan.
Turli sabablarga ko`ra sodir bo`lgan yong`inlarda 14 nafar fuqarolar tan jarohatlari olishgan va 2 nafar fuqaro halok bo`lgan. Ushbu yong`inlarda 1 mlrd. 85 mln. so`mdan ortiq qurilish konstruksiyalari va 1 mlrd. 250 mln. so`mga yaqin moddiy boyliklar yong`indan saqlab qolingan.
Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida yashovchi fuqaro A.Axmedovning oshxonasida chaqnash sodir bo`lgan. Oshxonadagi gaz plitasining jo`mragi to`liq berkitilmaganligi sababli sizib chiqqan gaz hidini sezmagan uy egasining turmush o`rtog`i, oshxonaga kirib gugurt chaqqan vaqtida xonaga to`plangan gaz va havo aralashmasining chaqnashi sodir bo`lgan. Chaqnash natijasida oshxonaning 5 kv. metr maydonda shift qismi yonib zararlangan. Yong`inni o`chirish vaqtida uy egasi va turmush o`rtog`i kuyish tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilganlar.
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi fuqaro S.Normatovning uyida elektr simlarning qisqa tutashuvi natijasida yong`in sodir bo`lib, uyning 90 kv.m. maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari yonib zararlangan.
Samarqand viloyati Samarqand tumani hududida harakatlanib ketayotgan shaxsiy «Gazel-2705» rusumli yuk avtoulovining motor qismidagi elektr simlarining qisqa tutashuvi oqibatida yong`in sodir bo`lgan. Jilovidan chiqib ketgan yong`in, yong`in o`chiruvchilar etib kelgunga qadar avtoulovning salon qismiga ham jiddiy zarar etkazishga ulgurgandi. Avtoulovda o`t o`chirish vositasi bo`lmaganligi sababli, haydovchining yordam kuchlarini kutishdan boshqa chorasi bo`lmadi.
Ushbu holatlar beparvolik va e`tiborsizlik tufayli sodir bo`lmoqda. Bunday holatlarga yo`l qo`ymaslik uchun yong`in xavfsizligi talablarini yoddan chiqarmang. Gaz va elektr jihozlardan to`g`ri foydalaning, ochiq olovdan foydalanishda e`tiborsiz va beparvo bo`lmang, - deya ogohlantiradi O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziligi Yong`in xavfsizligi Bosh boshqarmasi.





