Milliy matbuot markazida “O`zavtoyo`l” aksiyadorlik kompaniyasining o`tgan yil faoliyati va istiqboldagi rejalariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Avtomobil yo`llari mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan ishonchli va qulay transport infratuzilmasini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri etib belgilandi. Jahon talablariga javob beradigan yo`l o`tkazgichlar, estakada va ko`priklar qurilmoqda, ko`chalar ko`p polosali tezyurar magistrallarga aylantirilmoqda. Buni uzunligi 5,1 kilometrlik yangi Nurafshon ko`chasi misolida ko`rish mumkin. Avtomobil yo`llarini rekonstruksiya qilish va yangi estakadalar qurish orqali texnik darajasini ko`tarish transport oqimiga xizmat ko`rsatish sifatini yanada yaxshilashda alohida ahamiyatga ega.
Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma`ruzasida O`zbekiston milliy avtomagistralini modernizasiya qilish ishlarini yakuniga etkazish masalasi diqqatimiz markazida bo`lishi zarurligi ta`kidlandi. Buning uchun joriy yilda qariyb 513 kilometr avtomobil yo`llarini qurish va rekonstruksiya qilish ko`zda tutilgan.
– Ayni paytda mamlakatimiz avtomobil yo`llarining uzunligi 184 ming kilometrdan ortiqdir, – deydi «O`zavtoyo`l» aksiyadorlik kopaniyasi raisi o`rinbosari Shuhrat Nazarov. – Bu xalqaro standartlarga javob beradigan, davlat ahamiyatiga ega mahalliy shosse va xo`jalik avtomagistrallari va boshqa yo`llardir. Umumiy foydalaniladigan 42 ming kilometrdan ortiq yo`lga kompaniyamiz tomonidan xizmat ko`rsatiladi. Kompaniya tarkibidagi xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo`llardan foydalanish bo`yicha 13 hududiy yo`l xizmat ko`rsatish tashkiloti va 7 mintaqaviy ta`mirlash-xizmat ko`rsatish korxonasi yo`llarning texnik sozligini saqlash, transport xavfsizligi va harakat uzluksizligini ta`minlashga salmoqli hissa qo`shmoqda.
O`tgan yili «O`zavtoyo`l» aksiyadorlik kompaniyasi korxona va tashkilotlari tomonidan O`zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan umumiy foydalanuvda bo`lgan 382,4 kilometrlik avtomobil yo`li va uzunligi 1000 metrdan ortiq yo`l o`tkazgich hamda ko`priklar rekonstruksiya qilindi. 2015 yilda 1,4 trillion so`mlik ish amalga oshirildi. Bu 2014 yil bilan taqqoslaganda 36 foiz ko`pdir. M-200 markali bosim ostidagi betondan foydalangan holda avtomobil yo`llari qurish texnologiyasining joriy etilgani tarmoqdagi eng so`nggi yangiliklardan biri bo`ldi. Buning samarasida 288,6 tonna yo`l bitum mahsulotlari tejaldi.
Ayni paytda Qarshi shahrida yangi halqa yo`li, A-380 avtomobil yo`li (43 kilometr) va Qarshi – Toshguzar – Qumqo`rg`on temir yo`l kesishmasida yo`l o`tkazgich qurilmoqda.
Joriy yilda 176,3 kilometrlik avtomobil yo`li, 6 yo`l o`tkazgich va 10 yangi ko`prik qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan. Poytaxtimizni Ohangaron shossesi bilan bog`laydigan “Rohat” aylanma yo`lida avtomobil oqimi zichligini qisqartirish imkonini beradigan yangi chorraha quriladi.
Jahon banki mablag`i hisobidan Toshkent, Andijon, Farg`ona va Namangan viloyatlarida 376 kilometrlik mahalliy ahamiyatdagi avtoyo`l 200 million dollarga ta`mirlanadi.
Tadbirda keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari mamlakatimiz iqtisodiyotini izchil rivojlantirish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta`kidlandi. Sohaga chet el investisiyalarining jalb etilishi avtomobil yo`llarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.





