1 mart kuni Toshkent shahri, Shayhontohur tumanidagi 484-sonli maktabgacha ta`lim muassasasida 4 yoshli qizaloq tarbiyachisi sababli kuyish jarohatini olganligi to`g`risidagi xabar o`tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo`ldi.

“Tarbiyachi qaynoq ovqatni suzayotgan vaqtda qizchaning bo`yni va dahaniga ovqat to`kilib ketgan”, deb yozadi bolaning onasi Facebook ijtimoiy tarmog`idagi Maslahat.uz guruhidagi xabarida.
Onaning yozishicha, bolaga birinchi yordam ko`rsatilmagan, onasiga xabar berilmagan. Bu haqda ona shunday deb yozadi:
“Tarbiyachi kuygan joyidagi pufakchalarni o`zboshimchalik bilan yorib ko`chirib tashlab qizimni uxlashga majbur qilgan. Bilmayman qizim bu og`riq bilan qay ahvolda yotgan ekan ....
13.45 da bog`cha opasi menga qo`ng`iroq qilib, bu haqda bir og`iz gapirmay, qizimni bugun sal vaqtliroq olib ketishimni so`radi. Sababini bir og`iz ham aytmadi. Onalik hissiyotim sezib bog`chaga etib bordim. Lekin ne ko`z bilan ko`rayki, bolam ayanchli ahvolda. Bolamni ko`rib tilim ojiz bo`lib qoldi. Nima voqea sodir bo`ldi deb so`rasam, qo`rqmasdan bog`cha opasi menga yolg`on gapirdi. Qizingiz ustiga ovqat to`kdi dedi. Qizim esa uyda bog`cha opam stolimizni ustida ovqat suzayotganda ustimga to`kib yubordi, deb aytib berdi. Hattoki bog`cha mudirasi hamda hamshiraga ham voqea haqida aytilmagan. Men o`zim murojaat qilganimdan so`ng ular xabar topdi. 484-MTM bog`cha mudirasi o`z vazifasini bajarmagan, tarbiyachilarini boshqara olmagan. Muassasada yuz bergan tan jarohatdan xabar topmagan, chora ko`rmagan. Bu rahbarni mas`uliyatsiz, vahshiy va bu lavozimga loyiq emas deb hisoblayman!!!
Men qizimni Respublika Shoshilinch Tibbiy Yordam Ilmiy Markaziga kombustiologiya bo`limiga olib bordim va shifokor unga 1-yordam ko`rsatdi. Qizim 1-2 darajali kuyib jarohatlanganligi haqida ma`lumotnoma berdi.

Men bu haqda O`zbekiston Respublikasi Bosh Prokuroriga, Bosh Vazirga, Xalq Ta`limi Vazirligi ishonch telefoniga, Tuman Xalq Ta`limi Boshqarmasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qildim.
Axir Prezidentimiz tomonidan bu yilni “Sog`lom ona va bola yili” deb e`lon qilinishi bejiz emas. Davlatimiz yurtimiz kelajagi bo`lgan bolalarga katta e`tibor qaratayotgan bir paytda, bog`chada farzandimga shunday loqaydlik bilan tan jarohati etkazib o`tirishsa-ya...”
Mazkur vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahri 484-maktabgacha ta`lim muassasasiga murojaat qildik:

Nigora ALIXANOVA 484-MTM mudirasi:
— Yuqoridagi hodisa sodir bo`lgan bola 2 yildan buyon bog`chamiz tarbiyalanuvchisi sanaladi. Voqea sodir bo`lgan kuni bog`chamizda Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag`ishlangan bolalarning bayram tadbirlari bo`lib o`tgan edi. Soat chamasi 12 yarimlarda tadbir tugadi. Soat 14:00 dan oshganda xonamga ona farzandi bilan kirib keldi hamda bo`lib o`tgan voqeani aytib berdi. Bo`lib o`tgan voqeani onadan eshitdim.
Shu zahotiyoq oldimga tarbiyachini chaqirib bo`lgan voqeani tushuntirib berishini so`radim. Tarbiyachining so`zlariga ko`ra, u ovqat suzayotgan vaqtda (bog`chada ovqat suzish tarbiyachi yordamchisining emas, aynan tarbiyachining vazifasiga kiradi) bola yugurib kelib, qoshiqni ovqatga tiqib olib sachratib yuborgan. Tarbiyachi va uning yordamchisi shu zahotiyoq uni echintirib kiymini almashtirishgan va tarbiyachi qo`rqib ketgani sababli menga xabar bermagan. Tarbiyachiga, agar holat menga darhol aytilganida ona etib kelguniga qadar chora ko`rilgan bo`lishini tushuntirdim. Tarbiyachi onasiga nima sababdan bu haqda telefon orqali xabar bermaganini aniqlashtirganimda, tarbiyachim ona hayajon va havotirda bog`chaga etib kelgunicha biror kor-hol bo`lishidan havotirlanganini aytdi.
Tarbiyachining so`zlariga ko`ra, bo`lgan voqeadan so`ng bolani ovutib, unga hatto ovqatini ham edirib qo`yishgan hamda bola uyquga ketgan. Yana bir narsani aytish joizki, bolalarga ovqat olib kirilayotganda u qaynoq holda bo`lmaydi, iliqdan sal issiqroq bo`ladi”.
Mazkur hodisa yuz bergan tarbiyachining bu sohadagi ish stajlari 34 yilni tashkil qiladi. 484-bog`chada esa u 1995 yildan buyon faoliyat yuritadi. Yaxshi tarbiyachilardan biri edi. O`sha kuni qaerdan bunday falokat yuz berganidan hammamiz hayronmiz.

Voqea yuzasidan muassasada darhol majlis o`tkazildi. Barcha xodimlar yana bir bor ogohlantirilib, xavfsizlik choralarni yanada kuchaytirish talabi qo`yildi. 2016 yilning 2 mart kuni, ya`ni hodisaning ertasiga tarbiyachining ishdan bo`shatilishi to`g`risida buyruq chiqarildi.
Bo`lib o`tgan voqeadan so`ng bog`cha ma`muriyati, xususan o`zim bir necha bor yordam ko`rsatish maqsadida bolaning onasi bilan bog`lanishga urindik, biroq ona biz bilan bog`lanishni istamadi.
Bunaqa voqea bog`chamiz faoliyati davomida ham, ushbu tarbiyachi bilan ham ilk bor yuz berib turibdi.
Hozir bizning birdan bir tilagimiz, bola sog`ayib ketishi, qolgan hammasi ikkinchi darajali masala. Hech qaysi bola bilan bunday hodisalar sodir bo`lmasin. Bolaning yaqinlari esa bizni kechirolsa kechirib, farzandlarini tezroq bog`chaga olib chiqishsin, biz yaxshilab qarab, maktabga tayyorlab beramiz”.






