Facebook`dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida Namangandagi obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining ish jarayoni aks etgan fotosurat e`lon qilindi, deb yozadi “Daryo” nashri.
Fotosuratdagi e`tiborga molik eng asosiy jihat — boshqarma xodimlarining bevosita ish joyi oldiga o`rnatilgan yo`l belgisidir: unda qo`liga, katta ehtimol bilan, supurgi ushlagan ayol tasvirlangan.
Fotoxabar ostida fikr bildirgan foydalanuvchilardan biri Farg`onadagi obodonlashtirish xodimlari ham xuddi shunday belgidan foydalanishini yozib qoldirgan.
Ma`lumot uchun, O`zbekistonda amalda bo`lgan Yo`l harakati qoidalarida bunday belgi nazarda tutilmagan. Ko`chalardagi ta`mirlash, tozalash va obodonlashtirish ishlari vaqtlarida mas`ul xizmatlarning xodimlari, odatda, “Ta`mirlash ishlari” yo`l belgisidan foydalanadi.

Xususan, Yo`l harakati qoidalarining “Ogohlantiruvchi belgilar” bo`limida, agar qatnov qismida qisqa muddatli yo`l ishlari olib borilayotgan bo`lsa, ish bajarilayotgan joyga 10—15 metr masofa etmasdan 1.23 — “Ta`mirlash ishlari” belgisi o`rnatilishi mumkinligi qayd etilgan.





