AsosiyJamiyat

O`zbekistonda avtomobil sotib olish osonlashtiriladi

O`zbekiston Davlat raqobat qo`mitasi va “O`zavtosanoat” DAK GM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarni sotish bo`yicha namunali shartnomani o`zgartirish masalasini ko`rib chiqmoqda. Bu haqda “Carzone” nashri xabar bermoqda.

Bugungi kundagi tartibga ko`ra, mijoz GM Uzbekistan’ning rasmiy dileridan xarid qilmoqchi bo`lgan avtomobili narxining 85 foizini avans tariqasida, qolganini esa mashinani olish chog`ida to`laydi. Xaridor avtomobilning kelishini, uning rusumiga qarab, bir yilgacha kutishi mumkin.

Yana bir muammoli jihat – zavod tarafidan shartnoma tuzilganidan avtomobil keltirilguniga qadar narx oshirilsa, mijoz o`rtadagi farqni to`lab berishi talab qilinadi.

“Bu O`zbekiston uchun juda katta masala, aytishim mumkinki, 2015 yil va 2016 yil birinchi yarmidagi iste`molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi eng o`tkir muammo. O`tgan yil boshida bu mavzuda katta shov-shuv ko`tarildi, o`shanda “O`zavtosanoat” avtomobillar narxini 30 foizdan oshiqroqqa ko`tardi, bu esa hali olinmagan avtomobillar uchun qo`shimcha haq to`lashga majbur bo`lgan xaridorlarga jiddiy ta`sir ko`rsatdi”, – dedi agentlikning suhbatdoshi.

Davlat raqobat qo`mitasi bu faktni o`rganib chiqib, dilerlar haq, degan qarorga keldi. Ikki o`rtada tuzilgan shartnoma bunday vaziyatni aniq-ravshan ifodalab, mijozni avtomobil narxi oshishi mumkinligidan ogohlantiradi. Agar shartnoma imzolansa, u kuchga kiradi va birorta sud tomonidan bekor qilinishi mumkin emas, deb ta`kidladi qo`mita vakili.

Ammo bu vaziyat o`zgartirilmaydi, degani emas. Qo`mita va “O`zavtosanoat” mutaxassislari bugun mavjud namunali shartnomani o`zgartirish bo`yicha hamkorlikda ish olib bormoqda. Jumladan, avtomobil etkazishning yangi muddati 90 kun oshmasligi lozim, deb belgilanishi mumkin, shuningdek, narx oshganda iste`molchilar huquqlarini himoya qilish masalasini aniqlashtirish talab etiladi.

Bundan tashqari, Davlat raqobat qo`mitasi xaridorlar uchun muhim bo`lgan boshqa yo`nalishda ham faoliyat olib bormoqda. Hozirlikda rasmiy dilerdan mashina xarid qilgan jismoniy shaxslarga uni bir yil davomida sotish taqiqlanadi.

“Bu tizim besh yil muqaddam bozordagi olib sotarlikka chek qo`yish maqsadida joriy qilingan edi. Odamlar o`nlab mashina sotib olib, ularni bozorda qaytadan sotgani va ajiotaj keltirib chiqargani ma`lum. Bugun vaziyat boshqacha, bozor sekinlik bilan to`yinib bormoqda, va payti kelganda biz mazkur taqiqni bekor qilish masalasini ko`rib chiqamiz. Ammo hali buning vaqti kelmadi”, – ta`kidladi nomi keltirilmagan vakil.

 

    Boshqa yangiliklar