Jahonning eng yaxshi tennischilari ro`yxatida beshinchi o`rinda turuvchi sportchi, ispaniyalik Rafael Nadal Fransiyaning sobiq sport vaziri Rozlin Bashloni sudga bermoqchi. Bu haqda “Lenta.ru” xabar bermoqda.
Ma`lumotlarga ko`ra, sobiq vazir tennischini doping qabul qilganlikda ayblagan.
“Mening qonimda taqiqlangan preparat yo`q. Bu yuz foiz. Men o`zimga nisbatan bir necha marta ayblovlar eshitdim. Ammo bu oxirgisi bo`ladi. Men Bashloni tuhmat qilgani uchun sudga bermoqchiman. Bundan keyin ham menga nisbatan aynan shunday ayblovni ilgari surgan istalgan kishi bilan sudlashaman”, — dedi Nadal.
8 mart kuni Fransiya televideniesida chiqish qilgan Bashlo 29 yoshli ispaniyalik tennischi etti oy mobaynida qonida taqiqlangan preparat aniqlangani uchun musobaqalarda ishtirok etmaganini aytib o`tgan edi. U yana keng jamoatchilikka bu hol Nadal jarohatlangani uchun davolanayotgani sabab o`yinlarda qatnashmayotgandek ko`rsatilganini ham bildirgan.
7 mart kuni Los-Anjeles shahrida o`tkazilgan matbuot anjumanida tennischi Mariya Sharapova o`z qonida taqiqlangan meldoniy preparati aniqlanganini e`lon qildi. Mazkur preparat 2016 yilning 1 yanvaridan “qora ro`yxat”ga kiritilgan.
Butunjahon dopingga qarshi agentligi meldoniyni gormonlar guruhiga kiritdi. Uni iste`mol qilgani uchun Sharapova ikki yildan to`rt yilgacha o`yinlardan chetlatilishi mumkin.





