AsosiySUG'DIYONA

Sharqning eng zamonaviy 5 go`zal malikasi

Arab dunyosining go`zallik timsoliga aylangan saxovatli va zamonaviy malikalari.

Dunyo qirollari va shahzodalari tinchlikni saqlash yo`lida turli muzokaralar olib borayotgan, nizoli va janjalli vaziyatlarning oldini olayotgan, iqtisodiy masalalarni hal etayotgan bir paytda ularning rafiqalari dunyoni yanada go`zallashtirishga harakat qilishadi. Hamma zamonlarda ham podshohlarning jufti halollari boshqalarga o`rnak qilib ko`rsatilgan, ularning har bir qadamini boshqalar diqqat bilan kuzatgan. Davrlar o`zgarishiga qaramay, hamon malikalar modalar olamining ham yuksak namunasi sifatida boshqalarga namuna bo`lib kelmoqda. Quyidagi hikoyamizda nafaqat shahzodalarga turmushga chiqqan malikalar, balki modalar olamida ham o`z o`rniga ega go`zallar haqida hikoya qilamiz.

Raniya al-Abdulla — Iordaniya malikasi

Iordaniya qirolichasi Raniya – hamma narsaga ulguradigan zamonaviy arab ayollarining yorqin timsolidir. U to`rt farzandning onasi bo`lishiga qaramay, xayriya ishlarida faol ishtirok etadi, shu bilan birga modalar olamining ham qirolichasi sanaladi. Dunyoning birorta malikasi Raniya kabi mashhurlikka va xalq muhabbatiga sazovor bo`lmagan. Uning nozik didini yuqori baholagan Britaniyaning Hello jurnali unga “Dunyoning eng bashang malikasi” deb nom berdi. Italiya modasi zabardast vakillaridan biri bo`lmish Jorjo Armani Raniyani ijodining ilhom parisi deb atadi. Raniya al-Abdulla 29 yoshga to`lganda uning turmush o`rtog`i Abdulla II taxtga o`tirgach, qirolicha deb tan olindi. U dunyodagi  zamonaviy malikalar orasida eng yoshi hisoblanadi.

   

Raniya o`shandayoq nafaqat go`zalligi va yoshligi bilan dunyoni zabt etishi, balki xayriya va ezgu ishlari orqali ham odamlarning yodida qolishi lozimligini tushunib etdi. U qirolicha maqomiga ega bo`lgach, maorif, sog`liqni saqlash tizimlarida bir qancha o`zgarishlarni amalga oshirdi. Arab dunyosini G`arb madaniyati bilan tanishtirishga harakat qildi. U ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar bilan aloqaga chiqish uchun birinchi bo`lib foydalangan ayol qirolicha hisoblanadi.

Dina Abdulaziz — Saudiya Arabistoni malikasi

Bug`doy rangli bu ayolni ko`rgan odam Sharq malikalaridan biri ekanligiga ishonmaydi. U amirlikning haqiqiy qiroli Abdulaziz bin Nosir bin Abdulaziz al-Saudiyning rafiqasi hisoblanadi. Dina – aslzodalar davrasi malikasi, omadli biznes-ledi, modalar olamining bilimdoni hisoblanadi. Arab dunyosining eng zamonaviy ayoli birorta modalar namoyishini o`tkazib yubormaydi, dunyoning eng mashhur dizaynerlari bilan do`stlik aloqalarini o`rnatgan.

 

Dinaning yopiq “D'NA” nomli shaxsiy butigi bor, unga fafat malikaning taklifi bilangina kirish mumkin. U butik uchun eng eksklyuziv liboslarni didiga tayangan holda o`zi tanlaydi. 

Shayx Moza — Hozirgi Qatar amirining onasi

Shayx Moza hazrati oliyalari (Shayx Moza bint Nosir al-Misned), Qatar amirining sobiq turmush o`rtog`idir. Bu ayol go`zal va omadi chopgan ayol timsolidir. Shayx Moza etti farzandning onasi, davlat va jamiyat arbobi, YuNESKO elchisi va modalar yaratuvchisi hisoblanadi. U ilm-fan, maorif rivoji bilan shug`ullanadi, erkin OAV va fuqarolik jamiyatini taraqqiy ettirish bilan shug`ullanuvchi Arab demokratik jamg`armasiga rahbarlik ham qiladi. Aynan Shayx Moza poytaxt yaqinida vujudga kelgan universitet shaharchasiga asos solgan. Universitetda Amerikaning eng etuk professorlari ma`ruzalar o`qishadi. Shayx Mozaning tashabbusi bilan Qatar dunyo miqyosidagi tadbirlar o`tkaziladigan yirik markazlardan biriga aylandi.

 

Bunga 2022 yilda Qatarda o`tkaziladigan xalqaro futbol chempionatini misol qilib keltirish mumkin. Shayx Moza Qatar amirining uch rafiqasidan biri bo`lsa-da, u mamlakatning birinchi xonimi va Arab dunyosining qudratli ayollaridan biri hisoblanadi.

Amira Al-Tavil – Saudiya Arabistoni malikasi

Malika Amira Al-Tavil 1983 yilda tavallud topgan. U 18 yoshida o`sha paytlardagi Saudiya Arabistoni qirolining jiyani shahzoda Al-Valid ibn Talalga turmushga chiqqan. Amira bo`lajak turmush o`rtog`i bilan talabaligida, jurnalistlik topshirig`ini bajarayotganda tanishib qolgan. U oilali bo`lgandan keyin ham o`z qiziqishlarini tashlab qo`ymadi, xayriya ishlari bilan faol shug`ullana boshladi. Ochlik, qashshoqlik bilan kurashishdan, Sharq ayolining haq-huquqlarini himoya qilishdan charchamadi. U “Revolyusiya emas, evolyusiya” degan chaqiriqni o`ziga shior qilib oldi. Ammo qirollik oilasi uning bu hatti-harakatlarini qo`llab-quvvatlamadi va uning turmush o`rtog`iga agar Amira shu tarzda davom etadigan bo`lsa, shafqatsizlarcha jazolashlarini shama qildi. Amiraning mashina haydashi ham ularning ko`ngliga o`tirmadi.

U jamoat joylarida an`anaviy arab ayollari kiyadigan kiyimni rad etgan ilk malikalardan biridir. Amira 2013 yilda shahzoda bilan ajrashganiga qaramay, xalq uni hamon Saudiya Arabistoni malikasi deb hisoblaydi.   

Lalla Salma — Marokash qiroli Muhammad VI ning rafiqasi

Lalla Salma rasman malika deb yuritilsa-da, u qirol Muhammad VI ning rafiqasi va Marokashning birinchi xonimi hisoblanadi. Lalla — haqiqiy Sharq Zolushkasidir. U uch yoshga to`lganda onasi vafot etgan, otasi maktabda oddiy o`qituvchi bo`labi ishlagan. Lallani buvisi voyaga etkazgan. U injenerlikka o`qigan va Omnium Nord Africain kompaniyasiga amaliyot o`tash uchun borgan. Qirollik oilasi ham shu kompaniyaning aksiyasiga ega bo`lgan. 1999 yilda o`tkazilgan kechalardan birida bo`lajak turmush o`rtog`i bilan tanishib qolgan. Lalla qirolicha Raniya bilan do`st tutingan. U ham Raniyaning izidan borib, arab ayollarini zamonaviylikka – til o`rganishga, mashina boshqarishga, sport bilan shug`ullanishga, albatta zamondan orqada qolmay modani kuzatishga undaydi.

 

    Boshqa yangiliklar