Kuni kecha Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tdi.
Sessiya kun tartibidagi masala – tashkiliy masala bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Bosh Vazirining o`rinbosari G`.Ibragimov so`zga chiqib, Prezidentimizning 2016 yil 24 fevraldagi qarori bilan mahalliy hokimliklar strukturasi o`zgartirilgani va unga ko`ra, hokimlarning ma`muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o`zini o`zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo`yicha birinchi o`rinbosari lavozimi joriy etilganini va mazkur lavozimning ahamiyatini tushuntirib berdi.
Samarqand viloyati hokimining birinchi o`rinbosari vazifasiga shu paytgacha Urgut tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Himmat Oqbo`taev nomzodi tavsiya etildi. Bu haqda hokimlik rasmiy sayti xabar beradi.
Shuningdek, deputatlar tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalari o`rtasida Kengash vakolatiga kiradigan masalalar bo`yicha qabul qilingan viloyat hokimining uchta qarori ko`rib chiqildi.
Jumladan, viloyat hokimining 2016 yil 1 martda qabul qilgan Ochilov Olimjon Ismoilovichni viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikasiyalar va kommunal xo`jalik masalalari bo`yicha o`rinbosari etib tayinlash haqidagi, Nurkulov Abdumajit Alibekovichni viloyat hokimining qishloq va suv xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosari etib tayinlash haqidagi, Xudjayorov Xayriddin Gadayevichni viloyat hokimining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, xizmat ko`rsatish va tadbirkorlik masalalari bo`yicha o`rinbosari etib tayinlash haqidagi qarorlari tasdiqlandi.





