Farg`ona viloyati O`zbekiston tumanida yashovchi fuqaro Anvar Rayimov farzandining alimentini to`lashdan bosh tortib, jinoyatga qo`l urdi. Bu haqda Farg`ona viloyati hokimligi racmiy saytiga asoslanib, “Uz24.uz” xabar bermoqda.
U 2012 yilda Shohista Rayimova bilan turmush qurgandi. Ammo o`zaro kelishmovchilik tufayli 2012 yil dekabr oyida ayoli ota uyiga ketib qoldi. Keyinchalik A.Rayimov xotinining uyiga ichkuyov bo`lib borib yashadi va 2013 yil bahor oylarida ishlash uchun Qozog`iston Respublikasiga chiqib ketdi. 2013 yil yoz oyida farzandli bo`lganligi sababli u erdan qaytib kelib, yana ayolining uyida yashab yurdi. Lekin oradan ko`p o`tmay qaynonasi bilan nizolashib, ota uyiga qaytdi.
2014 yil boshlarida Sh.Rayimova farzandiga aliment undirish uchun sudga murojaat qildi. Fuqarolik ishlari bo`yicha O`zbekiston tumanlararo sudining buyrug`iga ko`ra, A.Rayimovdan farzandi voyaga etgunga qadar oylik ish haqi va boshqa daromadlaridan aliment undirish belgilandi. Keyinchalik unga farzandi uch yoshga to`lguniga qadar har oyda 80.000 ming so`mdan qat`iy summada aliment to`lash majburiyati ham yuklatildi.
Biroq A.Rayimov 2015 yil 1 oktyabrga qadar moddiy yordamga muhtoj bo`lgan voyaga etmagan farzandini ta`minlashdan bo`yin tovlab, sud qaroriga binoan undirilishi lozim bo`lgan jami 6.196.232 so`m mablag`ni to`lamadi.
A.Rayimov sud ijrochilari tomonidan aliment qarzdorligini to`lash haqida ogohlantirilganidan so`ng, asossiz ravishda jahli chiqib, turmush o`rtog`i hamda qaynonasini qasddan o`ldirish, shu orqali aliment qarzidan qutulishni niyat qildi. Shu kuni soat 22 larda bolta ko`tarib, yuziga niqob taqib, Sh.Rayimovaning yashash hovlisiga yashirin ravishda kirganida qaynonasi O.Boyqo`zieva uni ko`rib baqirib yubordi. Shunda A.Rayimov o`ta shafqatsizlarcha bolta bilan qaynonasining bosh, elka, bo`yin va boshqa sohalariga qasddan urib, yiqitdi.
Qo`ni-qo`shni baqir-chaqirni eshitib, yordamga kirishdi. Qo`shnilardan biri A.Rayimovni to`xtatmoqchi bo`lganida, g`azabdan ko`zlari ko`r bo`lgan yigit uning ham bosh qismiga bolta bilan urib, engil tan jarohati etkazdi. Yaxshiyamki, qo`shnilar mushtumzo`rning qo`lidagi boltani olib, qo`l-oyog`ini bog`lab qo`yishdi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudida A.Rayimovning jinoiy harakati atroflicha ko`rib chiqilib, odilona hukm o`qildi. Aliment to`lovidan bosh tortib, qaltis jinoyatga qo`l urgan yigit endi bir necha yil hayotini panjara ortida o`tkazadi.





