O`zbekistondagi internet tarmoqlaridan qimor o`yinlari reklamasi yo`qotiladi, shuningdek, tovarlar sotilishini ko`paytirish uchun televidenieda behayo(erotik) sahnalardan foydalanishni ta`qiqlash rejalashtirilmoqda.
“Reklama to`g`risidagi” Qonunga o`zgartirishlar va qo`shimchalar kiritish” qonunchilik loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joylashtirilgan. Bu haqda “Sputnik O`zbekiston” xabar bermoqda.
Xohlovchilar tadbikorlik faoliyatini amalga oshirishga ta`sir etuvchi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga o`z izohini berishlari mumkin. Muhokama 24-mart kuni yakunlanishi belgilangan.
Yangi tahrirdagi “Reklama to`g`risidagi” qonunda behayo(erotik) sahnalardan foydalanish ta`qiqlanadi. Shuningdek, internet tarmoqlarida qimor o`yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarni tashkil etish uchun telekommunikasiya tarmoqlarida xizmatlar ko`rsatish, dasturiy ta`minotni nashr qilishni ta`qiqlash ko`zda tutilgan.
“Balog`at yoshiga etmaganlar uchun mo`ljallangan roliklarda, haqiqiy yoki soxta quroldan foydalanish ta`qiqlanadi, shuningdek, ekstremal holatlarga tushib qolgan bolalarni ko`rsatish mumkin emas”, deyiladi hujjat matnida. Bolalar uchun mo`ljallangan tovarlar narxini ko`rsatishda “tovar narxi haqida noto`g`ri tushuncha uyg`otuvchi” “xolos” va “bor-yo`g`i” kabi so`zlardan foydalanish ham ta`qiqlangan.
Ushbu qoidalar ijtimoiy va siyosiy reklamalarga, shuningdek, reklama xarakteriga ega bo`lmagan viveskalar va ko`rsatkichlarga joriy etilmasligi ta`kidlab o`tilgan.
Muhokamada qoldirilayotgan izohlar va So`rovnomada bildirilgan takliflar tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiquvchilar — davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ko`rib chiqiladi.





