Hukumatning 22 fevraldagi «Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmoni ijrosini bajarish maqsadida “Aholining hojatmand qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatish tizimini takomillashtirish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida” Qarori qabul qilindi. Bu haqda “UzReport” xabar bermoqda.
Qarorga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirligi markaziy apparat tuzilmasida boshqaruv xodimlar soni 6 nafardan iborat bo`lgan, nogironlar, urush qatnashchilari, faxriylar, yolg`iz keksalar va aholining boshqa hojatmand qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatishni tashkil etish boshqarmasi yaratiladi.
Hujjatda qayd etilishicha, Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va hududiy sog`liqni saqlash boshqarmalari tuzilmasida - 3 nafar, undan 1 nafari boshqaruv xodimidan iborat bo`lgan, nogironlar, keksalar va aholining boshqa hojatmand qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatuvchi sho`ba hamda tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tuzilmasida aholining hojatmand qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatish bo`limlari tashkil etiladi.
Qarorda belgilanishicha, yangi tashkil etilayotgan tarkibiy bo`linmalar zimmasiga nogironlar uchun reabilitasiya markazlari hamda urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriya muassasalarining faoliyatini tashkil etish vazifalari yuklatildi. Mazkur bo`linmalar nogironlar, nogiron bolalar va yolg`iz keksalarni «Muruvvat» va «Saxovat» uy-internatlariga, reabilitasiya markazlari hamda urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriya muassasalariga yuborishga ko`maklashadi. Ushbu bo`linmalar Fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari bilan birgalikda esa o`zganing yordamiga muhtoj bo`lgan yolg`iz keksa fuqarolarni aniqlab, ularga individual dastur asosida ijtimoiy xizmat ko`rsatib, ortopedik buyumlar, reabilitasiya texnik vositalari va kreslo-kolyaskalari bilan ta`minlash maqsadida ularning hisobini olib boradilar.





