AsosiyJamiyat

O`zbekiston sayyohlik salohiyati Berlinda namoyish etilmoqda

Germaniya poytaxti Berlin shahrida 9 mart kuni ochilgan “ITB Berlin – 2016” xalqaro turizm ko`rgazmasida O`zbekiston sayyohlik salohiyati keng namoyish qilinmoqda. 

“ITB Berlin” turizm sohasidagi eng nufuzli ko`rgazmalardan biridir. Bu yil unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzlab firma va kompaniya ishtirok etmoqda. 

“O`zbekturizm” milliy kompaniyasidan ma`lum qilishlaricha, mazkur xalqaro yarmarkada “O`zbekturizm”, “O`zbekiston havo yo`llari”, “O`zbekiston temir yo`llari” hamda 10 dan ziyod xususiy kompaniya mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini namoyish etmoqda. Yarmarka ishtirokchilari mamlakatimizning turizm sohasidagi imkoniyatlari, taklif etilayotgan xizmatlar, mehmonxonalar, sayyohlik operatorlari va agentlari faoliyatiga oid ko`plab ma`lumotlar bilan tanishmoqda. 

Forumdan joy olgan, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati hamkorligida tayyorlangan “O`zbekiston” milliy stendi o`ziga xos yangi dizayni, bezaklari va mazmunan boyligi bilan ko`rgazma ishtirokchilarining e`tiborini tortmoqda. 

“ITB Berlin” ko`rgazmasi mamlakatimiz sayyohlik xizmatlarini xalqaro turizm bozorlariga taklif etish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, manfaatli shartnomalar tuzish, jahon sayyohlik bozoridagi yangiliklar bilan yaqindan tanishish, o`zaro tajriba almashish imkonini beradi. 

Joriy yilda O`zbekistonning sayyohlik salohiyati Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Belgiya, Latviya kabi mamlakatlarda o`tkazilgan ko`rgazmalarda keng namoyish etildi.

    Boshqa yangiliklar