AsosiyJamiyat

O`zbekistonda yana bir xorijiy institut filiali ochilish arafasida

Oliy ta`lim vazirligida Koreya fan va texnologiyalar instituti (KAIST – Korea Advanced Institute of Science and Technology) delegasiyasi bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Delegasiyaga KAIST Moliya fakulteti dekani Jan Ku Kang rahbarlik qildi. Uchrashuvda KAIST biznes-maktabining O`zbekistondagi filialini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Delegasiya rahbari muayyan kelishuvga erishilgan taqdirda Toshkent shahrida KAISTning filiali ochilishi haqida xabar berdi. Koreyalik vakillar dastlabki bosqichda moliya fakultetiga 200 nafar talabani qabul qilish va qabul kvotasini oshirish imkoniyatlari to`g`risida ma`lumot berishdi. Shuningdek, filialda iqtisodiyot fakulteti ochilishi ham rejalashtirilmoqda.

Delegasiya a`zolari O`zbekistonda bu kabi o`quv muassasalarini ochish shart-sharoitlari va O`zbekiston fuqarolari uchun maqbul bo`lgan to`lov miqdori, kvotani to`ldirish masalalari bilan qiziqdilar.

Suhbat davomida Jan Ku Kang uchrashuv ishtirokchilariga ushbu ta`lim muassasasida bakalavr, magistratura va doktorantura dasturlari bo`yicha kadrlarning kompleks tayyorgarligi olib borilishi borasida ma`lumotlar berdi.

KAIST muhandislik va texnik tayyorgarlikka ihtisoslashganiga qaramay, unda moliya va bank ishi, xususan, xususiy sektorni moliyalashtirish, korporotiv moliyalashtirish, moliyaviy marketing va boshqa sohalar bo`yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Universitetning Janubiy Koreya poytaxti va boshqa shaharlaridagi bo`limlarida besh mingga yaqin talaba tahsil oladi. KAIST Oliy boshqaruv maktabi, moliya va buxgalterlik hisobi oliy maktabi, Informasion texnologiyalar va OAVni boshqarish Oliy maktabi, Tabiatni muhofaza qilish oliy maktabi yo`nalishlarida talabalarga ta`lim beradi.

KAIST biznes-maktabi menejment sohasida G`arb tadqiqotlarini qo`llash va ta`lim berishda etakchi bo`lib kelmoqda. Uning asosiy g`oyasi to`g`ri strategiyalar tanlay biluvchi, rejalarni amalga oshiruvchi hamda qo`yilgan maqsadlarga samarali yo`llar orqali erishuvchi etakchi kadrlarni tayyorlashga qaratilgan. KAIST biznes maktabi nufuzli texnologiyaga yo`naltirilgan boshqaruv maktabiga aylanish va jamiyatda o`z o`rniga ega bo`lgan mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qilib qo`ygan.

    Boshqa yangiliklar