AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Pensionerlar uyushmasi tuzildi

Milliy matbuot markazida yangi tashkil etilgan O`zbekiston Pensionerlar uyushmasining maqsad va vazifalariga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi. 

Uyushma raisi Q.Nabiev o`tgan yilning noyabr oyida Toshkent shahrida O`zbekiston Pensionerlar uyushmasining ta`sis s`ezdi bo`lib o`tgani va rahbar organlari saylangani, 2016 yil 26 fevralda O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yangi uyushmani davlat ro`yxatidan o`tkazganini ma`lum qildi. 

Katta hayot tajribasiga ega faxriylarimiz bosib o`tgan yo`l yoshlar uchun ibrat maktabidir. Ayniqsa, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorlik va obodonchilik ishlari jarayonida, yoshlar tarbiyasida ularning maslahatlari, yo`l-yo`riqlariga hamisha ehtiyoj seziladi. 

Pensionerlar uyushmasi keksa avlodning ijtimoiy-iqtisodiy, ma`naviy huquq va manfaatlarini himoya qilish, mahallalar, har bir oilada tinchlik- totuvlik, osoyishtalik, sog`lom muhitning barqaror bo`lishini ta`minlash, yordamga muhtoj keksalarga ijtimoiy ko`maklashish, pensionerlarning sog`lig`ini tiklashi uchun davolanishi, mazmunli dam olishini tashkil etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga hissa qo`shishni o`z oldiga vazifa qilib qo`ygan. 

Uyushma huzurida pensionerlarni qo`llab-quvvatlaydigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarini tashkil etish orqali yangi ish o`rinlari ochish mo`ljallangan. 

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

    Boshqa yangiliklar