AsosiyJamiyat

O`zbekistonda patronaj oyligi boshlandi

Mamlakatimizda 1 martdan 1 aprelga qadar hududlardagi birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida patronaj oyligi o`tkaziladi. 

Ushbu tadbirdan ko`zlangan maqsad tibbiy-profilaktika tadbirlarini yanada takomillashtirish, fertil yoshdagi ayollar, homiladorlar, bolalar, o`zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar, yolg`iz keksalar, nogironlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlar holidan xabar olish va tibbiy-sanitariya yordami ko`rsatishni kengaytirishdir. 

Patronaj oyligida bu yo`nalishdagi ishlar ko`lami yanada kengayadi. Oylikni samarali tashkil etishda birlamchi tibbiy-sanitariya tizimi shifokor va hamshiralariga viloyat, tuman, shahar tibbiyot muassasalari tibbiy xodimlari yaqindan ko`mak beradi. Tibbiyot markazlari, dispanserlar, klinikalarning shifokor va o`rta tibbiyot xodimlari dispanser nazoratida turgan bemorlarning uyiga borib, holidan xabar oladi. 

Xonadonlarda tibbiy patronaj ishlarini tashkil etish jarayonida oilalarning tibbiy-ijtimoiy holatini o`rganish, kasallikni yuzaga keltirish mumkin bo`lgan omillar, mavjud muammolarni aniqlash, ularni echimini topish va bartaraf qilish maqsadida mahalla fuqarolar yig`inlariga axborot kiritish va tegishli choralarni belgilash ko`zda tutilgan. Oylik doirasida mahallalarda, o`quv muassasalari va korxonalarda davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, keng omma ishtirokida kasalliklar profilaktikasi, sog`lom turmush tarzi asoslari yuzasidan targ`ibot tadbirlari o`tkaziladi. 

    Boshqa yangiliklar