Britaniyaning Straford-Eyvon shahridagi Muqaddas Troisa cherkovida joylashgan Uilyam Shekspirning qabri vafotining 400 yilligi munosabati bilan radiolokasiya yordamida s`yomka qilindi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
Bu tadbirni o`tkazishdan maqsad Shekspirning yoniga biror buyum yoki inson ko`milganligini aniqlash edi. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, buyuk dramaturgning yoniga uning oila a`zolaridan besh kishi: rafiqasi Anna, qizi Syuzanna, kuyovi Jon Xoll va nevara kuyovi Tomas Neshlar dafn etilgan. Olimlar bir necha taxminlarni ilgari surishdi, birinchi taxmin bo`yicha Shekspirning qabrida uning urug`-aymoqlari ham dafn etilgan bo`lishi lozim, ikkinchi taxmin bo`yicha esa bu qabrda Shekspirning jasadi yo`q, u bo`m-bo`sh bo`lishi kerak edi. Tadqiqot ishtirokchilari jamoatchilikni tadqiqot natijalari bilan bir necha haftadan keyin tanishtirishga va`da berishdi.
Shekspirning qabri imkon bo`lsa ham, hech qachon qayta ochib ko`rilmagan. Balki bunga dramaturgning qabr toshidagi “Do`stim, qabrimni kavlab, ruhimni bezovta qilmagin, uni bezovta qilgan odam esa la`natga uchraydi” degan yozuv sabab bo`lgan bo`lishi ham mumkin. Dramaturgning hayoti afsona va uydirmalarga boyligi sababli olimlar Shekspirning uyida ham qazish ishlarini amalga oshirishni rejalashtirgan. Uning tarjimai holida Straford-Eyvon shahrida tug`ilgani va hayotining so`nggi uch yilini shu shaharda o`tkazgani haqida ma`lumotlar mavjud.





