Britaniyalik Josh Rid Germaniyaga qallig`ining pasporti bilan uchib keldi, deb xabar beradi “Lenta.ru”.
21 yoshli Josh Londonning Stansted aeroportidan Ryanair kompaniyasining reysi bilan uchgan. U o`z pasporti o`rniga adashib, qallig`i Sofi Uotkinsning pasporti olib kelganini samolyot Germaniyaning Dortmund shahriga qo`nganidan so`nggina payqaydi. Ma`lum bo`lishicha, Joshning boshqa pasport bilan uchayotganini Buyuk Britaniya milliy xavfsizlik xizmati xodimlaridan hech biri bilmagan.
Josh Stansed aeroporti xavfsizlik xizmati xodimlarining ishi yuzasidan norozilik bildirmoqda. Axir, u na famiiyasi va na tashqi ko`rinishi bilan qallig`i Sofiga o`xshamaydi-da!
Ryanair kompaniyasi vakillarining aytishicha, ularning xodimlari yanglishib, Ridning pasportini tekshirmagan.
“Ammo amaldagi o`z pasportining yonida ekanligini tekshirish va bunga amin bo`lish janob Ridning bevosita majburiyatiga kiradi”, — deydi kompaniya vakillari.
O`z navbatida, britaniyalik sayyoh o`z uyiga haydovchilik guvohnomasidan foydalangan holda qaytishiga to`g`ri keldi.





