Poytaxtimiz bozorlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ko`lami tobora kengaymoqda. Toshkent qishloq xo`jaligi mahsulotlari ulgurji bozori, Aviasozlar, Navro`z, Sergeli va Yunusobod dehqon bozorlaridan so`ng Oloy hamda Mirobod dehqon bozorlarida ham ta`mirlash va qurilish ishlari boshlandi.
Toshkent shahar hokimligida o`tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda aytib o`tildi.
«Toshbozorsavdo» uyushmasi raisi S.Ne`matullaevning aytishicha, Mustaqilligimizning 25 yillik bayramiga qadar to`liq tugallanishi rejalashtirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida Oloy dehqon bozorida sotuvchi hamda xaridorlar uchun yaratilgan qulayliklar ko`payadi.

Milliy hunarmandchilik mahsulotlari uchun alohida savdo ob`ektlari, tarozixona, veterinariya xizmatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qurilish ishlarining amalga oshirilishi ko`zda tutilgan. Mirobod dehqon bozorida amalga oshiriladigan keng ko`lamli ishlar ham savdo madaniyati yuksalishiga xizmat qiladi.
Ushbu ikki loyihani bajarish uchun 15 milliard so`m miqdorida mablag` sarflanishi belgilangan.






