Aktyor Ulug`bek Qodirov ijro etgan rollarini hayotda qanchalik qiyinchiliklarga duch kelmasin, shundan ham faqat hikmat izlaydigan, hech narsadan nolimaydigan bitta qahramon birlashtirib turishini ma`lum qildi.
Aktyor uning harbiy bo`lishini istagan ota-onasining orzusini ro`yobga chiqarmay, qanday qilib san`at institutiga kelib qolganligi haqidagi qiziqarli voqeani Sputnik O`zbekiston internet nashriga gapirib berdi.
— Ota-onam haqiqatan ham harbiy bo`lishimni juda orzu qilishgandi. 15 yoshimda Toshkentdagi Suvorov nomli harbiy bilim yurtiga o`qishga kirdim, ammo uni bitirish menga nasib qilmadi. Kutilmaganda ko`richak bo`lib qoldim. Jarrohlik operasiyasidan keyin shifokorlar jismoniy mashqlar bajarishni ma`lum muddatga taqiqlashdi. Ota-onam meni oddiy maktabga qaytarishga qaror qilishdi. Shunday qilib, harbiylik kasbi haqidagi orzu o`z-o`zidan barham topdi.
San`at institutiga hujjatlarimni tasodifan topshirganman. Institut binosi oldida ro`y bergan voqeani taqdirning belgisi sifatida qabul qilganman.
Bahorning iliq kunlaridan birida do`stlarim bilan Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli milliy boqqa aylangani bordik. O`sha kunlari onam menga yangi poyafzal olib bergandilar. Ko`p yurganimdan tufli oyog`imni shilib tashladi. Ammo yurishdan to`xtamadim. Shunda xayolimga san`at institutining oldiga etib olsam bo`ldi degan fikr keldi. Institut binosi oldiga etib borganimda, oyog`imdan qon keta boshladi, bu qon institut darvozasi oldiga to`kildi. O`sha kuni kechqurun onamga “San`at institutiga hujjat topshiraman!” deb aytdim. Onam “Bu nima deganing?” deb hayron bo`ldilar. “Qonim to`kilgan joyga o`qishga kirmasam bo`lmaydi” deya javob berganman”, deb yozadi nashr.





