AsosiySUG'DIYONA

Bolalar uchun xavfli bo`lgan 5 narsa

Oilada kichkintoy paydo bo`lgach onalar xonadagi rozetkani, shisha va tig`li buyumlarni ko`zdan nari qilib, berkitishadi. Ammo bolaning sog`ligiga xavf soluvchi bundan boshqa buyumlar ham borligini ular unutib qo`yishadi. Quyida nomlari keltirilgan buyumlar hamma xonadonda mavjud, ular tufayli bolalar ko`p hollarda shifoxonaga tushib qolishadi. 

Maishiy kimyo

Agar idish yuvuvchi vositani yuqori tokchaga yoki shkaf ichiga yashirgan bo`lsangiz, bu bola uni topolmaydi degani emas. Kimyoviy vosita bolaning qo`liga tushib qolsa, uning terisiga, ko`ziga yomon ta`sir qilishi, agar ichib qo`ysa, zaharlanishi ham mumkin. Uni yaxshisi, qulflash mumkin bo`lgan joyda saqlang.

Yoshiga mos bo`lmagan o`yinchoqlar va sport inventarlari

Agar uyda kichkina bolangizdan tashqari to`ng`ich farzandingiz bo`lsa, mayda detallardan iborat bo`lgan pazzllar, konstruktorlik o`yinchoqlari kichkintoy uchun xavf tug`diradi. Kichkintoyni bunday o`yinchoqlardan asrash mushkul ish. Ularning safiga velosiped, gantel va boshqa sport anjomlarini ham qo`shish mumkin.

Ayollar sumkasi

Ishdan qaytishingiz bilan sumkangizni stulga yoki polga tashlaysiz. Sumka ichidagi pardoz buyumlaringiz ham bola uchun xavfli bo`lishi mumkin. Qo`l uchun sprey-dezinfektor, manikyur qaychisi, tirnoqlar uchun egovcha, hattoki oddiygina pomada ham bolaning qo`liga tushib qolsa, yomon oqibatlarga olib keladi.

Tuvakdagi o`simliklar

Bola tuvakdagi tuproqni polga sochishidan tashqari, o`simlik barglarini og`ziga soladigan bo`lsa, bundan kuchli zaharlanishi mumkin. Chunki ko`p hollarda uyda o`stiriladigan o`simliklar bargi zaharli bo`ladi.

Uy hayvonlarining eguliklari

Itlar uchun mo`ljallangan ovqat ko`p hollarda ochiq idishda, erda turadi. Bolaning uni og`ziga solib, ta`mini totib ko`rishi ham zaharlanishga olib keladi.
Har yili minglab bolalar uyda olingan tan jarohatlar va zaharlanishlar bilan shifoxonaga tushadilar. Bunday holatning oldini olish uchun iloji boricha bolani uyda yolg`iz qoldirmaslikka harakat qiling. 

Yaxshisi, uyga bolaning ko`zi bilan nazar tashlang, sizni nima qiziqtirgan bo`lsa, shu buyumni ko`zdan yashiring.

    Boshqa yangiliklar