Toshkentdagi “Istiqlol” san`at saroyida 19—21-fevral kunlari opa-singil xonandalar — Mavluda va Guli Asalxo`jaevalarning konsert dasturi bo`lib o`tdi. Konsert arafasida opa-singil o`rtasida kelishmovchilik yuz berdi. Tarqalgan turli gap-so`zlarga ko`ra, xonandalar birgalikdagi konsert dasturida nechtadan qo`shiq aytish borasida kelisha olishmagan.
Bu gaplar qanchalik asosli ekanligini aniqlash maqsadida “Daryo” nashri Guli Asalxo`jaeva bilan bog`landi.
Ma`lumot uchun, konsertda ikki san`atkor jami 31 qo`shiq kuyladi.
“Sakkiz yil davomida konsert bermaganimiz sababli, opamda ham, menda ham ancha qo`shiqlar yig`ilib qolgan ekan. Nazarimizda, bir qo`shiqni aytsak, biri qolib ketayotgandek tuyulaverdi. Shu sabab o`rtamizda to`g`ri ma`nodagi ijodiy bahslar bo`lib turdi, keyingi yildan alohida-alohida konsert bermasak bo`lmaydi, degan hazillar ham qilib turdik. Ammo buni aslo janjal deb o`ylash kerak emas” — dedi Guli Asalxo`jaeva.
Eslatib o`tamiz, Mavluda va Guli Asalxo`jaevalar konsertdan oldin biroz tortishib qolgani haqida ma`lumot bergan edik.





