O`zbekiston Milliy matbuot markazida “Tadbirkorlar huquqlari sud himoyasida” mavzuida matbuot anjumani o`tkazildi. O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan tashkil etilgan tadbirda sud xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda 2015 yilda umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga to`sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog`liq hamda xo`jalik yurituvchi subektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini poymol qilish kabi harakatlar uchun jinoiy va ma`muriy ishlar ko`rib chiqilgani qayd etildi.
Natijada 3 nafar shaxsga nisbatan jinoiy va 128 nafar shaxsga nisbatan ma`muriy jazo qo`llanilgan.
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-moddasining yangi tahririga muvofiq sudlar tomonidan 2015 yilda 12 jinoiy ish bo`yicha sud qarori bekor qilinib, 22 nafar tadbirkorlik sub`ekti vakili jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan. Jinoyat kodeksi 189-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari dekriminalizasiya qilinib, sudlar tomonidan 22 jinoyat ishi sud qaroriga asosan bekor qilinib, 33 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.
Bu boradagi sud amaliyoti samaradorligi oshishida, ushbu yo`nalishdagi murojaatlarning to`g`ri hal qilinishini ta`minlashda Oliy sud va Oliy xo`jalik sudi plenumlarining “Ishlarning taalluqliligi bilan bog`liq prosessual qonun hujjatlari normalarini sudlar tomonidan qo`llashning ayrim masalalari to`g`risida”gi qo`shma qarori muhim o`rin tutmoqda.
Tadbirda tizimda tadbirkorlar manfaatini ta`minlash bilan bog`liq amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda sohaga oid qonunlar targ`iboti doimo e`tiborda ekani ta`kidlandi. Bu yo`nalishdagi ishlar ko`lamini kengaytirish, tadbirkorlar va aholining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishda zamonaviy imkoniyatlardan unumli foydalanish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.





