Xalq ta`limi vazirligi tomonidan "O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolalar musiqa va san`at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo`yicha 2016-2020 yillarga mo`ljallangan Davlat dasturi to`g`risida”gi qarori asosida tizimda amalga oshiriladigan ishlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Xalq ta`limi vaziri, vazirlik mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yangi Davlat dasturiga muvofiq 2016-2020 yillarda aholi zich yashovchi massivlarda jami 14 700 o`rinli 98 ta bolalar musiqa va san`at maktablari barpo qilish ko`zda tutilgan. Shundan 2016 yilda qurilish-ta`mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan 18 ta bolalar musiqa va san`at maktablarining hududlar bo`yicha manzilli dasturi ishlab chiqildi.
Ota-onalarga qulaylik yaratish hamda bolalar musiqa va san`at maktablariga bolalar qamrovini oshirish maqsadida to`lov tizimi takomillashtirildi. Endilikda musiqa yo`nalishida 1 nafar o`quvchi uchun Toshkent shahrida eng kam ish haqining 75% (97 680 so`m), viloyat markazlarida 50% (65 120 so`m), Qoraqalpog`iston Respublikasi va boshqa aholi punktlari 30% (39 072 so`m) qilib belgilandi.
San`at yo`nalishida 1 nafar o`quvchi uchun Toshkent shahrida eng kam ish haqining 50% (65 120 so`m), viloyat markazlarida 30% (39 072 so`m), Qoraqalpog`iston Respublikasi va boshqa aholi punktlarida 20% (26 048 so`m) qilib belgilandi.
Shuningdek, bir oiladan 2 yoki undan ortiq bolalar ta`lim olsa, ularning har biriga belgilangan badal to`lovining 70% miqdorida to`lanadi. Xalqaro va Respublika tanlovlari g`oliblari bir yil muddatga to`lovdan ozod etiladi.
Dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida musiqa va san`at maktablarining qamrovini kamida 1,5 foizga chiqarish imkoniyati hamda bolalar musiqa va san`at maktablari tizimini kengaytirib, barcha tuman, shahar va qishloqlarda o`quvchilarning milliy musiqiy merosimiz bilan birga, jahon mumtoz kompozitorlari va rassomlarining ijodini o`rganishlariga qulay shart-sharoitlar va teng imkoniyatlar yaratiladi.
Matbuot anjumani doirasida OAV xodimlari poytaxtimizdagi 18-sonli bolalar musiqa va san`at maktabi faoliyati, muassasada ta`lim-tarbiya jarayonlarining yo`lga qo`yilgani, o`quvchilarning bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari xodimlarinining savollariga javob berildi.





