2016 yilning fevral oyidan boshlab, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi byudjet tashkilotlari xodimlari uchun yangi xizmat turini joriy qildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Endilikda byudjet tashkilotlarida ishlovchi fuqarolar o`z oylik maoshlari haqidagi ma`lumotlarni SMS-xabarlar orqali olishlari mumkin.
Buning uchun uyali aloqa telefonidan 7878 qisqa raqamiga zp*SSSSSSS*MM*YYYY ko`rinishidagi SMS-xabar jo`natish talab etiladi.
SSSSSSS — byudjet tashkiloti xodimining “UzASBO” dasturiy majmuasidagi kodi. MM –yilning tartib raqami,(01 dan 12 gacha), YYYY– so`ralayotgan ma`lumotning yili.
Masalan, zp*9999999*01*2016 tarzidagi SMS ma`lumot 9999999 kodli xodim tomonidan 2016 yilning yanvar oyi uchun so`ralayotganini anglatadi. Xizmat narxi hozircha ma`lum emas.
Xodim o`z kodi va qabul qilingan ma`lumotning mazmunini o`zi faoliyat yuritadigan tashkilot hisobchisidan so`rashi mumkin.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan byudjet tashkilotlari buxgalterlik hisobini yurituvchi “UzASBO” dasturiy majmuasi 2011 yilda foydalanishga tapshirilgan bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2010 yil 22 dekabrda 2169-son bilan ro`yxatga olingan “Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to`g`risidagi yo`riqnoma” talablariga to`liq beruvchi va respublikamizda Web-texnologiyaga asoslangan holda ishlab chiqilgan ilk dasturiy majmualardan biridir. Dasturdan foydalanish bepul bo`lib, hozirda dasturdan 26000 dan ortiq tashkilotlar foydalanib kelmoqda.





