2016 yilgi mavsum oldidan “Paxtakor” tarkibiga bir qator yangi futbolchilarni taklif etdi va ular bilan shartnoma imzoladi.
Seshanba kuni mavsum boshlanishi arafasida yangi o`yinchilarni tanishtirish marosimi tashkil etildi. Unda klub rahbariyati va yangi futbolchilar qatnashib, savollarga javob qaytarishdi, deb xabar berdi klub rasmiy sayti.
Rustam KO`PAYSINOV (“Paxtakor” bosh direktori): - Barchangizni yangi mavsum boshlanayotgani bilan tabriklayman. Safimizga yangi futbolchilarni jalb qildik. Ularning xizmatiga anchadan beri qiziqish bildirgandik. 2016 yilda ham oldimizga katta maqsadlarni qo`yganmiz. O`zimiz qatnashadigan musobaqalarda g`olib chiqishga intilamiz.
Grigoriy SEYTLIN (“Paxtakor” sport direktori): - Tayyorgarlikni uch bosqichda o`tkazdik. Birinchi va uchinchi bosqich Toshkentda, ikkinchi bosqich BAAda o`tkazildi. Tarkibni shakllantirishga intildik. Har bir uchrashuvda zafar quchish jamoa oldidagi asosiy maqsad hisoblanadi.
Seleksiya jarayoni uzoq davom etadi. Bu bir kunda sodir bo`lib qolmaydi. Azim Ahmedovni ko`pdan beri kuzatardik. U deyarli jamoamizdan “Navbahor”ga ketgandi. Kelishuvga ko`ra, u tajriba to`plagan paytda safimizga qaytarib olardik. Bunga qaror qildik. Suhrob Berdievni ham barcha etakchi jamoalarga qarshi harakatlarini kuzatdik. Akobir To`raev esa allaqachon “Paxtakor”da bo`lgandi. Yosh bo`lgani sababli yana Buxoroga qaytgandi. Yig`inlardan keyin uni ham safimizga jalb qildik. Temur Jo`raev esa Lobanov Eronga ketgandan keyin jamoaga taklif etildi. U o`zimizning yigit. Ko`p yillar “Paxtakor”da o`ynagan. Oybek Qilichev xorij klublarida o`ynab, o`zini ko`rsatdi. Uni futbolga bog`liq bo`lmagan sabablarga ko`ra, xorij jamoalari olib qola olishmadi va bundan afsuslanishdi. U Toshkentga qaytgach, tarkibimizga qo`shildi.
Shundan keyin futbolchilar tanishtirildi va ularga jamoa liboslari topshirildi. Temur Jo`raev 12, Suhrob Berdiev 19, Azim Ahmedov 7, Oybek Qilichev 35, Akobir To`raev 17-raqamli liboslarda “Paxtakor” safida harakat qiladigan bo`ldilar.
Akobir TO`RAEV: - Yoshligimdan “Paxtakor” safida o`ynashni orzu qilardim. Mana endi bunga etishdim. O`zimga berilgan imkoniyatdan foydalanib, o`zimni ko`rsatishga harakat qilaman.
Temur JO`RAEV: - Jamoada raqobat yuqori. Nikita Ribkin va Botir Ergashev ham juda yaxshi potensialga ega. O`zim uchun uydek bo`lib qolgan qadrdon jamoamga qaytganimdan xursandman. Endi o`tmishdagi xatolarni unutib, barchasini boshidan boshlayman.
- “Paxtakor” muxlislari sizni akangiz bilan taqqoslashadi. Bu sizga bosim yuklamaydimi?
Azim AHMEDOV: - Yuklaydi. Shu sababli o`yinim bilan muxlislar mehrini qozonishga harakat qilaman.
- Oybek, Malayziyaga qachon qaytishni mo`ljallayapsiz?
Oybek QILIChEV: - “Paxtakor”da butun mavsum mobaynida o`ynab qolishim ham mumkin. Agar jamoaga yordamim kerak bo`lsa, qolishga tayyorman.
- “Paxtakor”ga kelgan hujumchilar Sergeevning soyasida qolib ketmoqda. Bu erda raqobatdan qo`rqmaysizmi?
Suhrob BERDIEV: - Raqobat o`sishga yordam beradi. O`yinim bilan jamoaga yordam berishni xohlayman. Buning uchun mashg`ulotlarda bor kuchim bilan ishlayman. O`yin amaliyotiga ega bo`lib, tarkibdan mustahkam o`rin olishga urinaman.
- Etakchi futbolchilarning ketishi jamoa moliyaviy holatini yaxshiladimi?
Rustam KO`PAYSINOV: - Krimesdan tashqari futbolchilarning barchasi jamoadan erkin agent sifatida ketishdi. Egorni esa Xitoy klubiga ijaraga berdik.
- Jamoa tashkil etilganiga bu yil 60 yil to`ladi. Bayramni qanday nishonlash ko`zda tutilgan?
- Moliyaviy tarafdan muammolarni imkoniyat darajasida hal qilib kelyapmiz. 60 yillik bayramni munosib o`tkazishga intilamiz. Bu borada rejalar tuzib qo`yganmiz.





