“Lokomotiv” futbolchilari bilan muloqot qilishni, ular bilan esdalik rasmga tushishni, klub stadionida sayr qilishni, Osiyo chempionlar ligasi oldidan fubolchilar ishtirokidagi ochiq mashg`ulotni tomosha qilishni istaysizmi? “Lokomotiv” FK sizga bu imkoniyatni yaratib beradi.
18 fevral kuni “Lokomotiv” yangi futbolchilarni tanishtiruv marosimini o`tkazadi. Sevimli futbolchilaringiz safiga 2016 yilgi mavsum uchun endilikda Server Jeparov, Kaxi Maxaradze, Sherzod Fayziev, Sadriddin Abdullaev kabi yigitlar qo`shilishdi. Ular “Lokomotiv”ning navbatdagi muvaffaqiyatlariga o`z hissalarini qo`shish uchun klub bilan shartnoma imzolashdi,bu haqda lokomotiv.uz nashriga asoslanib O`FF xabar beradi.
18 fevral soat 11:00 da “temiryo`lchilar”ning 2016 yilgi mavsum uchun yangi liboslari taqdimoti o`tkaziladi. Shuningdek, yangi futbolchilar rasman tanishtiriladi, ular ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tadi. OAV hodimlari o`zlarini qiziqtirgan savollarga “Lokomotiv” futbolchilari va rahbarlaridan javob olishlari mumkin.
Shuningdek, 11:30 dan boshlab “Lokomotiv” muxlislari stadionga qo`yiladi. Ular matbuot anjumanidan keyin nafaqat yangilar, balki mashg`ulot uchun chiqib kelayotgan klubning istalgan futbolchisi bilan rasmga tushishlari, dastxat olishlari mumkin bo`ladi. Futbolchilarning harakatlarini stadionning eng yaxshi sektorlarida tomosha qilishlari uchun ruxsat etiladi.
Bir kunlik aksiyadan keyin ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan va klub atributlari aks etgan fotosuratlar saralab olinadi. Ularning eng originali aniqlanib, mavsumdagi ilk bellashuv – “Lokomotiv” – “Al-Ittixod” o`yini uchun eng yaxshi sektordan ikki kishilik chipta taqdim etiladi. Imkoniyatni qo`ldan boy bermang.





