AsosiyJamiyat

Toshkentda yuz bergan YTH oqibatida 2 kishi hayotdan ko`z yumdi

Toshkent shahrida yuz bergan YTH oqibatida ikki kishi, jumladan yosh bola vafot etdi. Bundan tashqari yana to`rt kishi og`ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Toshkent shahri YHXB vakili bergan ma`lumotlarga asoslanib, “Novy Vek” xabar bermoqda.

Nashrda keltirilishicha, yo`l-transport hodisasi 11 fevral kuni soat 19:10 da Nukus va Taras Shevchenko ko`chalari chorrahasida yuz bergan.

“Lacetti avtomobili haydovchisi Viktor Tokarev katta tezlikda kelib, chorrahada turgan uch avtombil bilan to`qnashib ketgan”, — deyiladi xabarda.

Tokarev boshqarib kelayotgan avtomobilning tezligi soatiga 150 kilometrdan kam bo`lmagan. 

“Tokarev katta tezlikda kelib, svetoforning qizil chirog`ida to`xtab turgan “Nissan Tiida” avtomobilini urgan, u esa o`z navbatida o`zidan oldin turgan “Matiz” va “Mazda” avtomobillarini urgan” — dedi YHXB xodimi.
YTH oqibatida to`qnashuvni sodir etgan Tokarev va “Nissan Tiida” avtomobilining orqa o`rindig`ida o`tirgan 2012 yilda tug`ilgan qizcha halok bo`lgan.

Qizchaning onasi va yana uch nafar haydovchi hamda yo`lovchilar og`ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

YTH bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atilgan. Tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar