KXDRda xalq armiyasi bosh shtabi rahbari Li Yon Gil shaxsiy manfaatini ko`zlagani uchun korrupsiyada ayblanib, qatl etildi, deya xabar beradi “TASS” xabar bermoqda.
Berilgan ma`lumotlarga ko`ra, qatl o`tgan haftada amalga oshirilgan.
Martabasi ulug` harbiy Li Yon Gil boyish maqsadida korrupsiya va boshqa jinoyatlarni ham sodir etishda ayblangan. Li Yon Gil ilgarilari mamlakat rahbari Kim Chen Inga hamrohlik qilgan, oxirgi paytlarda uning ismi-sharifi OAV larda tilga olinmaydigan bo`lgandi. U Pxenyanda o`tkazilgan bir qator tadbirlarda, 7 fevralda yo`ldoshli raketa tashuvchi “Kvanmyonson-4” sharafiga o`tkazilgan tantanada ham ko`zga tashlanmadi.
Manbaning xabar berishicha, Li Yon Gildan qutulish uchun korrupsiya bir bahona bo`lgan xolos. “U yaqinda harbiy lavozimlarga saylangan partiya rahbarlariga qarshi bildirgan fikri va davlat to`ntarishi o`tkazishi rejalariga aloqadorligi taxmin qilinib, yo`q qilingan”, – deb ta`kidlaydi Yonhap.
Bundan bir yil ilgari KXDRning mudofaa vaziri Xyon Yon Chxol mamlakat rahbari Kim Chen In sharafiga o`tkazilayotgan tadbir davomida uxlab qolganligi uchun qatl etilgan edi.





