AsosiyJamiyat

“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqalari boshlanmoqda

Joriy yilning fevral-may oylarida respublikaning barcha chegaraoldi hududlarida joylashgan  o`rta-maxsus o`quv muassasalari o`quvchilari o`rtasida «Yosh chegarachilar» harbiy vatanparvarlik musobaqalari bo`lib o`tadi. 

Ushbu musobaqalarni o`tkazishda  O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori asos bo`lib xizmat qiladi. 

O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik  xizmati Davlat chegaralarini himoya qilish qo`mitasi, “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi, Oliy va o`rta-maxsus ta`lim vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Xotin-qizlar qo`mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O`zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi va boshqa bir qator idora va tashkilotlar hamkorligida o`tkazilayotgan ushbu tanlovning  asosiy maqsadi o`quvchi yoshlarni Vatanga muhabbat, harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, harbiy vatanparvarlik g`oyalarini targ`ib etish, ularni chegara xizmatiga bosqichma-bosqich tayyorlashdan iborat.

Musobaqalar  Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda  viloyatlardagi kasb-hunar kollejlari va akademik liseylar o`quvchilari o`rtasida uch bosqichda  o`tkaziladi. Chirchiq shahrida o`tadigan yakuniy bosqichda hududlardan saralangan 13 ta jamoa jismoniy va harbiy tayyorgarlik, Prezident asarlari, huquqiy savodxonlik, ingliz tili kabi yo`nalishlarda o`z kuch va bilimlarini namoyish etishadi. 

G`oliblar tashkilotchilarning medal va diplomlari, esdalik sovg`alari bilan taqdirlanadilar.

    Boshqa yangiliklar