Milliy matbuot markazida jurnalistika sohasida “Oltin qalam” XI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tashkiliy qo`mita yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag`ishlab ta`sis etilgan mazkur tanlov O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan O`zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, Milliy teleradiokompaniya, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Uzreport” axborot agentligi, O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi hamkorligida o`tkazilmoqda.
Tanlov televidenie, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va internet-jurnalistika yo`nalishlari bo`yicha o`tkaziladi. Unda bitta bosh milliy mukofot, har bir yo`nalish bo`yicha uchtadan mukofot hamda “Eng yaxshi fotoreportaj” va “Eng yaxshi matbuot xizmati” rag`batlantiruvchi nominasiyalari ta`sis etildi.
“Oltin qalam” milliy mukofoti xalqaro tanlovi nufuzi yildan-yilga oshib bormoqda. 2006 yilda o`tkazilgan “Oltin qalam” I Milliy mukofoti uchun tanlovda 136 jurnalist 1669 ijodiy ishi bilan qatnashgan bo`lsa, 2015 yili o`tgan X Milliy mukofot uchun tanlovda 690 ijodkor 15 mingga yaqin materialini taqdim etgan. Shu vaqtga qadar tanlovda 5000 ga yaqin jurnalistning 70 mingga yaqin ijodiy ishi ko`rib chiqilgan. 222 jurnalist tanlov g`olibi va sovrindori bo`lgan.
Ijodiy ishlar davlatimiz rahbarining jurnalistlar oldiga qo`yayotgan vazifalardan kelib chiqqan holda baholanadi, dolzarb mavzudagi tahliliy materiallarga alohida e`tibor qaratiladi.
O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi, Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi rag`batlantiruvchi mukofotlarini ta`sis etgan. Shuningdek, BMT, YuNESKO, YuSAID, “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) kabi qator xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari ham tanlovda o`z mukofoti bilan qatnashadi.
Yig`ilishda “Oltin qalam” XI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni tashkil etish va o`tkazish bo`yicha tashkiliy masalalar ko`rib chiqildi. “Oltin qalam” XI Milliy mukofoti xalqaro tanlovi g`oliblari 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni “Turkiston” saroyida o`tkaziladigan tantanali marosimda taqdirlanadi.





