AsosiySport

Ueyn Runi – Angliyaning eng jahldor, eng saxovatpesha yulduzi

“Manchester Yunayted” jamoasi hujumchisi Ueyn Runi Britaniya futboli tarixidagi eng yaxshi charm to`p ustalaridan biri hisoblanadi. Runi gol kiritish borasida ingliz tarixidagi eng zo`r hujumchilarni ham ortda qoldirishni uddasidan chiqib bormoqda. Umuman olganda, shaxsiy hayoti ham ko`pchilikni qiziqtiradigan yulduzlardan biri hisoblanadi. Negaki, matbuot runi atrofida aylanishni yoqtiradi. xullas, bugun biz “shrek” laqabli futbolchi haqida so`z yuritamiz...

Oddiy oiladan chiqqan yulduz

Uning to`liq ismi Ueyn Mark Runi. Qahramonimiz 1985 yilning 24  oktyabr kuni Liverpul shaharchasida dunyoga kelgan. Oilada uch farzand bo`lib, Runi ular orasida eng abjiri bo`lgan. Qolaversa, qolgan ukalariga nisbatan millionlar o`yiniga mehri baland edi. 10 yoshida otasi uni “Everton” jamoasi futbol akademiyasiga o`qishga olib keladi. Uning harakatlari, maydonda o`zini tuta olishi, jismonan baquvvat ekanligi sababli, “Everton” futbol akademiyasida o`z joyini topishga muvaffaq bo`ladi. Qizig`i shundaki, Runi klubning bolalar jamoasi safida 29 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 114 marotaba ishg`ol qiladi. Shundan keyin “Everton” asosiy jamoasi murabbiylari iqtidorli yigitchani kuzatishni boshlaydi.

2002 yilda Runi “Everton”ning asosiy tarkibiga jalb qilinadi. Mavsum oldidan bo`lgan o`quv-yig`in mashg`ulotlarida raqiblari darvozasini to`rt marotaba ishg`ol qiladi. 

“Qizil iblislar”ga aylangan “shrek”

Runi 2004 yilning yozida “Manchester Yunayted” jamoasi tomonidan xarid qilinadi. Uning transferini “qizil iblislar” 50 million funt sterling evaziga sotib oladi va Ueyn Runi esa klubda badavlat futbolchilardan biriga aylanadi. Ser Aleks Fergyusson qaxramonimizni klubga kelgan vaqtlarini quyidagicha ifodalagandi:

- Endigina 19 yoshni qarshilangan yigitcha ingliz futbolini larzaga solmoqda. U maydonda aql bovar qilmas harakatlarni namoyish qilmoqda. Shu boisdan buni sotib olish kerak degan xulosaga keldim. Albatta, biz Runi uchun katta mablag` sarfladik. Lekin u vaqti kelib o`ziga sarflangan pullarni 100 barovar qilib qaytaradi. 

Chindan ham Runi “Manchester Yunayted”ga tez moslashib ketdi.  U hamon  “qizil iblislar”ning yuragi bo`lib kelmoqda. 

Uch o`g`ilning otasi

Ingliz futbolining eng yaxshi to`purari bo`lgan Runi oilaparvar inson. U rafiqasi Kolin bilan maktabda birga tahsil olishgan. Shundan beri birga baxtli hayot kechirishmoqda. Ularning Kay, Key Entoni hamda Kit Jozef Runi ismli o`g`illari bor. 

Reklama qiroli

Qahramonimiz reklama roliklarida doimo faol bo`lib kelgan. U Nike, Nokia, Ford, Coca-Cola va bir qator kompaniyalarning mahsulotlarini reklama qilib chiqadi. Buning ortidan esa ulkan gonararlarga ega bo`ladi. Qizig`i, Ueyn Runi nomi yozilgan futbolkalar ham jahon bozorida o`z o`rniga ega hisoblanadi. 2011 yilda Runi futbolkalari jahonda eng ko`p sotilgan deya topilgandi. 
  
Bilasizmi?

* Ueyn Runining ukasi Jon ham futbolchi. Jon Runi yarim himoya ampluasida harakat qiladi. Ayni paytda faoliyatini AQShda davom ettirmoqda. Asosan Angliyada quyi liga jamoalari sharafini himoya qilgan. 

* Futbolchining bemorlarga yordam ko`rsatuvchi shifoxonasi bo`lib, uni otasi boshqaradi. Bu erda xastalangan bemorlar bepul davolanishadi. 

* Bokschi sifatida ham Runi qator janglarni o`tkazgan.

* Runi Shotlandiyaning “Seltik” jamoasi muxlisidir. 
 
Mukofotlari: 
Premer-liga chempioni (2007,2008,2009,2011, 2013), Chempionlar ligasi sohibi (2008), Angliya Liga Kubogi g`olibi (2006,2009,2010), 2008 yilda klublar o`rtasidagi Jahon chempioni va to`purari, Angliyada yil futbolchisi (2010), Oltin bola mukofati sohibi (2004) va boshqa yutuqlarga erishgan.

    Boshqa yangiliklar