AsosiyJamiyat

Italiyada O`zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etiladi

Joriy yilning 11-13 fevral kunlari Italiyaning Milan shahrida o`tkaziladigan “BIT – 2016” xalqaro sayyohlik ko`rgazmasida O`zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etiladi. 

“O`zbekturizm” milliy kompaniyasi mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini jahonga keng tanitish maqsadida qator xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Italiyada o`tkaziladigan turizm ko`rgazmasi yurtimiz jozibasini namoyish etish uchun yana bir imkoniyatdir.

“BIT” dunyodagi eng nufuzli xalqaro ko`rgazmalardan hisoblanadi. Bu yilgi forumda 140 dan ortiq mamlakatdan ikki mingdan ziyod firma va kompaniya vakillari, ekspert va olimlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ko`rgazmada turoperatorlar va sayyohlik agentliklari, safari bog`lari, ekologik, sport sayohati, ovchilik, mehmonxona va transport servisi, oziq-ovqat, sog`lomlashtirish, oilaviy va to`y sayohati kabi yo`nalishlarga oid o`nlab bo`limlar ish olib boradi. 

“O`zbekturizm” kompaniyasidan ma`lum qilishlaricha, ko`rgazmadan o`rin oladigan O`zbekiston milliy stendida mamlakatimizning go`zal maskanlari va tarixiy obidalari tasvirlanadi. Bu ishtirokchilarning yurtimiz haqida yorqin tasavvurga ega bo`lishiga xizmat qiladi. Qadimiy shaharlarimiz, yurtimizning diqqatga sazovor joylari haqidagi albomlar, buklet va nashrlar, xalq badiiy hunarmandligi va amaliy san`ati mahsulotlari yarmarka ishtirokchilari e`tiboriga havola etiladi. Forumga tashrif buyuruvchilar O`zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati bilan ham tanishishi mumkin. 

 

    Boshqa yangiliklar