AsosiySport

“Bunyodkor” Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichiga yo`llanma oldi

Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichiga saralash bahsida Birlashgan Arab Amirliklarining “Al Shabab” jamoasini qabul qildi. 

2015 yilgi milliy chempionat natijalariga ko`ra, Toshkentning “Paxtakor”, “Lokomotiv” va Qarshining “Nasaf” klublari Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichiga yo`l olgan edi. “Bunyodkor” esa ushbu bosqichga chiqish uchun pley-off bahsida ishtirok etdi. 

Sergey Lushan shogirdlari o`yinni hujumkor ruhda boshladi va ikkinchi daqiqada “Bunyodkor” jamoasi a`zosi Eldor Shomurodov hisobni ochdi – 1:0. Keskin kurashlar ostida o`tgan birinchi bo`limning 35-daqiqasida himoyachi Akromjon Komilov chap qanotdan ajoyib tarzda Eldor Shomurodovga to`p uzatdi. Ushbu imkoniyatdan unumli foydalangan hujumchimiz raqib darvozasini ikkinchi marotaba ishg`ol qildi. Ikkinchi bo`limda har ikkala jamoa ham yaxshi o`yin namoyish etdi, biroq hisob 2:0 ko`rinishida qoldi. 

Shu tariqa “Bunyodkor” Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichiga yo`llanma olgan to`rtinchi jamoamiz bo`ldi. Endi futbolchilarimiz “V” guruhida “Al-Nasr” (Saudiya Arabistoni), “Zobaxan” (Eron) va “Lahviya” (Qatar) klublariga qarshi to`p suradi. 

    Boshqa yangiliklar