Taomnomangizdan sevimli desertlaringizni olib tashlash shartmikan? Ularning o`rnini nima bosishi mumkin?
Har bir inson qaysidir ma`noda shirinlikxo`r bo`ladi. Kimdir pishiriq va konfetlarni sevsa, kimdir ertalab bir bo`lak achchiq shokolad iste`mol qilishni xush ko`radi. Yana kimdir shirinlik tarkibida inson organizmini zaharlovchi moddalar mavjudligi uchun iste`mol qilmasligini ta`kidlaydi. Haqiqatan ham desertlar zararlimi?
Barcha shirinliklarda birinchi navbatda uglevod mavjud bo`ladi, ular bir lahzada qonga so`riladi. (Ko`pchilik shirinlikni miya va muskullar faoliyatini mustahkamlash uchun iste`mol qilyapman deb o`zlarini “oqlashadi”). Shirinlikni ko`p miqdorda tanovul qilish nafaqat ortiqcha vaznni, balki diabet kasalligini ham keltirib chiqaradi. Och qoringa tushgan shirinlik oshqozon osti bezi faoliyatini tezlashtirgani bois, ko`p miqdorda insulin gormonini ishlab chiqaradi. Organizmda insulin gormonining ortib ketishi, saraton kasalligining rivojlanishiga olib keladi.
Bu muammoni qanday hal etish mumkin? Barchaga qulay bo`lishi uchun eng mashhur shirinliklarni yodga olib, ularning o`rniga nimalar iste`mol qilish mumkinligi haqida so`z yuritamiz.
1. Shokolad

Shokoladni tarkibida shakar emas, kaloriya jihatdan teng bo`lgan, ammo tarkibida fruktoza mavjud bo`lgan yoki tabiiy shakar o`rnini bosuvchi modda qo`shilgan foydali shokolad bilan almashtirish mumkin. O`zingiz uy sharoitida jele, muss, kokteyllar qo`shilgan desertlar ham pishirsangiz foydadan xoli bo`lmaydi. Achchiq shokoladni bir kunda to`rt bo`lakdan ortiq iste`mol qilish ham insonga hech qanday ziyon etkazmaydi!
2. Muzqaymoq

Uy sharoitida ham sutga yoqimli ta`m beruvchi protein, mevalar, kefir, yong`oq va kokos qirindisi qo`shilgan muzqaymoq tayyorlashingiz mumkin. Yuqorida nomlari keltirilgan barcha mahsulotlar blenderda arashtirilib, kechasi bilan muzlatkichga solib qo`yiladi. Shakar o`rniga banan qo`shiladi. Agar uy sharoitida muzqaymoq tayyorlashga erinsangiz, tarkibida mevalar bo`lgan barcha muzqaymoq turlarini bemalol iste`mol qilishingiz mumkin, ularda shakar miqdori kam bo`ladi.
3. Pishiriq va konfetlar

Foydali reseptlarni qidirib topish, pishiriq pishirishni o`rganish uchun yaxshi bahona bo`la oladi. Turli yormalardan tayyorlangan keks, suli yormasidan tayyorlangan pechene, xurmo va ishtaha ochar mevalar qo`shib tayyorlangan konfetlar shular jumlasidandir. Pishiriq pishirayotganda guruch, makkajo`xori unlaridan foydalansangiz nur ustiga a`lo nur.
O`z qo`lingiz bilan shirinlik va pishiriqlar tayyorlasangiz, uning tarkibi haqida to`liq ma`lumotga ega bo`lasiz. Desert ko`nglingizdagiday, foydali va to`yimli chiqadi.
Shirinlik tanovul qilishni unutish uchun bir necha maslahatlar mavjud:
• Agar tasodifan bitta “Snikers” eb qo`ysangiz, xavotirlanmang! Bu bir sutka davomida inson organizmi uchun zarur bo`lgan kaloriya miqdoriga teng, faqat boshqa emang. Nafsingizni tiying!
• Ko`proq oqsil moddasiga boy mahsulotlarni iste`mol qilsangiz, shirinlik eyishga kamroq intilasiz.
• Agar judayam shirinlik iste`mol qilishni istasangiz, yalpiz chaynang. Yalpiz ta`mi ochlik hissini yo`qotadi.
• Agar xayolingiz shirinlikka ketadigan bo`lsa, o`zingizni chalg`itib, kitob o`qing, raqsga tushing, toza havoda sayr qiling, yaqinlaringizga qo`ng`iroq qiling.
• Bir bo`lakkina tort eyishni istasangiz, shoshilmang! Uni mayda bo`laklarga bo`ling. Shunday qilsangiz, uning kaloriyasi ham parchalanadi. Tort bo`lakchalarini atrofingizdagi insonlarga ham ulashing. Unutmang, boshqa odamlarni mehmon qilish ham kishiga lazzat bag`ishlaydi.
Manba: ELLE





