Har bir xalqning o`z sevimli taomi mavjud, ammo har qanday millatni ham bir narsa – ertalabki nonushtaning insonga kun bo`yi kuch-quvvat bag`ishlashi uchun to`yimli bo`lish zaruriyati birlashtiradi. Qovurilgan tuxum, suli yormali bo`tqa, buterbrod, saryog`, murabbo surtilgan bulochkalar dunyo xalqlarining sevimli taomiga aylanib ulgurgan. Ertalabki nonushta dasturxonini oddiy ovqatlar bilan emas, dunyo taomlari bilan bezashni istagan insonlar uchun besh qit`aning besh xil taomi reseptlarini e`tiborigizga havola etamiz.
Evropa. Irland skirlisi

Irland oshxonasi o`zining oddiy va to`yimli ovqatlari bilan mashhur. Ular go`sht, baliq, o`rmon reza mevalaridan unumli foydalanishadi. Zumrad orol aholisi o`z an`analariga sodiq qolishgan, ular yaratgan ovqat reseptlari tarixi bir necha asrlarga borib taqaladi. Quvnoq irland xalqi to`yimli nonushtalarni xush ko`radi. Sizga tavsiya etmoqchi bo`lgan skirli, ya`ni go`shtli suli yormali bo`tqa shular jumlasidandir.
Kerakli masalliqlar:
- qiyma — 500 g
- suli yormasi — 200 g
- saryog` — 200 g
- piyoz — 3 dona
- tuz va ziravorlar ta`bga ko`ra
- qovurilgan tuxum va ismaloq xohishga ko`ra
Tayyorlash:
- Piyozni mayda to`g`rab, saryog`da qovuramiz.
- Piyozga qiyma, tuz, ziravorlarni qo`shib, qovurishda davom etamiz.
- Suli yormasi blenderda maydalanadi va qiymaga qo`shib, bir necha daqiqa davomida qovurib olinadi (suv qo`shsa ham bo`ladi).
Janubiy Amerika. Kolumbiya changuasi

Shakiraning quyoshli va qaynoq vatani o`z oshxonasida ispan va mahalliy hindu xalqlarining tarixiy an`analarini saqlab qolgan. Mahalliy aholi dukkakli o`simliklarni, makkajo`xorini, go`sht va sabzavot mahsulotlarini sevib iste`mol qiladi. Kolumbiyalik har bir insonning sevimli nonushtasi bu – sutli changua sho`rvasidir.
Kerakli maslliqlar:
- suv — 500 ml
- sut — 500 ml
- kashnich — ta`bga ko`ra
- yashil piyoz barglari — 5 ta shox
- kartoshka — 1 dona
- mayda to`g`ralgan sarimsoq piyoz
- tuxum — 4 dona.
- eritilgan saryog` — 1 osh qoshiq
- tuz va murch ta`bga ko`ra
- zira
Garnir uchun:
- yumshoq pishloq (kubik shaklida to`g`raladi)
- kashnich
- mayda to`g`ralgan piyoz
- tuxumda qovurilgan toster noni
Tayyorlash:
- Kastryulga suv, sut, saryog`, tuz, kartoshka, sarimsoq piyoz, kashnich solib, o`n daqiqa qaynating.
- Qaynab chiqqan sho`rvaga tuxumni shunday chaqingki, ichidagi sarig`i oqib ketmasin.
- Sho`rvadagi tuxum pishib chiqquncha, qozon qopqog`ini bir necha daqiqa yopib turing.
- Har bir likopchaga mayda to`g`ralgan ko`k piyoz, kashnich, kubik shaklida to`g`ralgan pishloq solib chiqing. Keyin kastryuldan pishgan tuxumni ham olib, likopchalarga taqsimlang, ustidan sho`rva quying.
- Sho`rvani tuxumda qovurilgan toster nonlari bilan birga dasturxonga torting.
Amerika. Meksika chilakilesi

Meksikaliklar to`yimli, o`z navbatida oson tayyorlanadigan, sabzavotlar, achchiq ziravorlar qo`shilgan taomlarni sevib tanovul qilishadi. Ularning ertalabki an`anaviy nonushtasi bu to`yimli chilakilesdir. Meksikalik dehqonlar og`ir mehnat yumushlarini bajarishsa-da, bu taom iste`molidan o`zlarini tetik va bardam his qilishgan.
Kerakli masalliqlar:
- makkajo`xori chipslari — 13-14 dona
- tomatli sous — 2 piyola
- suv — 1/2 stakan
- qaynatilgan tovuq — 300 g
- qirg`ichdan o`tkazilgan cheder pishlog`i — 2 piyola
- pomidor — 1 dona
- piyoz — 1 dona
- smetana — 2 osh qoshiq (ta`bga ko`ra ko`proq qo`shsa ham bo`ladi)
- tuxum — 1 dona
Tayyorlash:
- Idishga suv, sous, maydalangan tovuq go`shtini solib, past olovda qaynating. Tovuq go`shti pishgan bo`lsa-da, bu aralashmani yaxshilab qaynatib olish kerak.
- Aralashmaga makkajo`xori chipslarini solib, aralashtiring. Chipslarning yumshab, erib ketishiga yo`l qo`ymang. Idishni olovdan olib qo`ying.
- Aralashmaga yarim chashka pishloq soling.
- Aralashmani mikroto`lqinli pechga qo`yish uchun likopchaga soling.
- Pomidor va piyoz qo`shing.
- Ustiga qolgan pishloqni seping.
- Likopchani bir daqiqaga mikroto`lqinli pechga qo`ying, agar usti qizg`ish tusga kirmagan bo`lsa, yana biror daqiqa uzoqroq qo`yishingiz mumkin.
- Taom tayor bo`lgach, uni mikroto`lqinli pechdan olib, 10 daqiqa sovuting. Keyin unga smetana qo`shib, dasturxonga tortish oldidan ustiga qovurilgan tuxum qo`ying.
Meksika nonushtasi tayyor, Buenos días, amigos!
Osiyo. Hindcha daxi baray yogurti

Hind oshxonasining asosini sabzavotlar, yormalar, sut-qatiqli mahsulotlar tashkil etadi. Hindlar asosan vegetarian bo`lib, sog`lom turmush tarzini kechiradilar. Hind millatining nonushtasi engil, to`yimli va eng asosiysi foydali bo`lishi lozim. Ertalabki nonushta uchun kechqurun tayyorlab qo`yilgan daxi yogurti bizga juda qo`l keladi.
Kerakli masalliqlar:
- sut — 500 ml
- yogurt — 2 osh qoshiq
- mevalar — ta`bga ko`ra
- ko`katlar — ta`bga ko`ra
Tayyorlash:
- Sut qaynab chiqqandan keyin ham besh daqiqa davomida arashtirib turgan holda qaynatamiz.
- Sutni Selsiy harorati bo`yicha 47 darajagacha sovutamiz (tezroq sovutish uchun sutli idishni tog`ora ichidagi sovuq suvga solish ham mumkin).
- Sterillangan banka ichiga 2 osh qoshiq yogurtni solib aralashtirasiz, so`ng sovutilgan sutni quyamiz.
- Bankani 5-6 soatga olib qo`yamiz.
- Ertalab dasturxonga tortishdan oldin maydalangan mevalar, ko`katlar bilan bezaymiz.
Afrika. Misr fuli

Misr oshxonasi deganda yaqin Sharq, arab oshxonasini tushunish mumkin. Ular shirinliklarni, yormalarni, dukkakli mahsulotlarni sevib iste`mol qilishadi, nonushtada esa “ful” deb ataluvchi taomni tanovul qilishni xush ko`rishadi. Uni alohida issiq holda, ba`zan nonga qo`shib tortishadi. Bu taomni kechqurun tayyorlab qo`yish maqsadga muvofiqdir.
Kerakli masalliqlar:
- quruq loviya — 2 stakan
- qizil yasmiq doni (chechevisa) — 2 osh qoshiq
- pomidor — 1 dona
- piyoz — 1 dona
- sabzi — 1 dona
- sarimsoq piyoz — 2 palla
- non — 1 dona (ta`bga ko`ra)
Tayyorlanishi:
- Kechqurun loviya yuvilib, idishga solinadi. Ustidan suv quyib, bir soat ivitiladi.
- Idishdagi loviya ustiga suv, yasmiq doni, butun pomidor, sarimsoq piyoz pallachalari ham butunligicha solinadi. Suv qaynab chiqqach, yana o`n daqiqa qaynatiladi.
- Keyin olov pasaytirilib, idishning qopqog`i yopiladi va past olovda 6 soat davomida qaynatiladi.
- Ertalab loviya tayyor bo`lgach, 2/3 stakan miqdorda qaynoq suv quyuladi va tayyor holga kelguncha qaynatiladi. So`ngra dasturxonga tortiladi.
Haftaning qaysi kuni bo`lishidan qat`i nazar, ertalabki nonushtangiz mazali, to`yimli va xayrli bo`lsin!





