AsosiyDunyo

Kamchatkada do`stlarini qutqarmoqchi bo`lgan 2-sinf o`quvchilari xotirasiga motam e`lon qilindi

Kamchatka o`lkasida issiqlik trassasida bir-birini qutqarmoqchi bo`lgan bolalar halok bo`ldi. Bu haqda Kamchatka o`lkasining bolalar huquqini himoya qilish tashkiloti vakili Viktor Tyumensev xabar berdi.

 Uch bolaning ikkitasi sakkiz yoshda bo`lib, ular Petropavlovsk-Kamchatka shahridagi issiqlik trassasidagi qaynoq suvli o`ralardan biriga tushib ketgan. Uchinchi bola do`stlarini qutqarish maqsadida harakat qilib, u ham qaynoq suvli quduqqa tushib, halok bo`lgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining xabar berishicha, quduqqa avval birinchi bola tushib ketgan, do`stlari uning sumkasidan tortib qutqarmoqchi bo`lganda, ular ham qaynoq suvli o`raga qulagan. “Fojia tafsiloti kuzatuv kamerasi video yozuvlari ko`zdan kechirilganda aniqlangan” – deya xabar beradi “Interfaks” nashri.

“Bolalardan birining sumka bog`ichi uzilib yotganligi bu taxminni tasdiqlaydi. Guvohlarning aytishicha, qaynoq suv to`la o`ralarning og`zi yupqa faner yog`ochlar bilan to`silgan, ular bolalarning og`irligini ko`tarolmagan, — izoh berdi Tyumensev. – Hozirda bu fojiaga bolalar o`qigan maktab ma`muriyatining qay darajada javobgarligi masalasi ham ko`rib chiqilmoqda”.

Bu fojia payshanba kuni Petropavlovsk-Kamchatka shahrida ro`y berdi. 28 yanvar kuni uch nafar ikkinchi sinf o`quvchisi maktabdan qaytmadi. Ularning ota-onalari polisiyaga murojaat qildi. Bolalarni polisiya, qutqaruvchilar, ko`ngillilar birgalikda qidirdi. Kechga yaqin bolalarni o`zlari o`qiydigan maktab yonidagi qaynoq suvli quduq ichidan topishdi. Baxtsiz hodisa yorilgan quvurlardan oqib chiqib, og`zi berkitilmagan ikki yarim metrlik quduq ichiga to`plangan joyda ro`y bergan.

Bolalar o`limi bo`yicha Rossiya Federasiyasi Tergov bo`limi RF JK ning 109-moddasi 3 bandiga (ehtiyotsizlik oqibatida bir va undan ortiq kishining o`limiga sabab bo`lishga) asosan jinoyat ishi qo`zg`atgan. Tergov jarayonida bolalar maktabdan qaytayotganda ikki yarim metrlik qaynoq suvli quduqqa tushib ketganligi aniqlangan. “Kamchatkaenergo” Aksiyadorlik Jamiyati bolalar o`limida aybdor shaxslarni aniqlash maqsadida ichki tekshiruvni boshlab yubordi.

Kamchatka gubernatori fojiadan keyin hududning uy-joy kommunal kompleksi ob`ektlarini zudlik bilan keng ko`lamli nazorat-tekshiruvidan o`tkazishni talab qildi, xabar berdi o`lka hokimiyati matbuot xizmati.

Bolalarning dafn marosimini o`tkazishni Petropavlovsk-Kamchatka shahri ma`muriyati o`z bo`yniga oldi. Bolalar bilan vidolashish 1 fevral kuni soat 11.00 da o`zlari o`qigan maktabda o`tkazilishi belgilandi.

Bugun o`nlab Petropavlovsk-Kamchatka shahri aholisi bolalar halok bo`lgan joyga gullar, yumshoq o`yinchoqlar keltirishib, ularni yod etdilar. Ijtimoiy tarmoqlarda halok bo`lgan bolalarning ota-onalariga, yaqinlariga ta`ziyalar izhor etishdi. Bu fojia sababli bugun Petropavlovsk-Kamchatka shahrida motam kuni deb e`lon qilindi. Hukumat ommaviy-axborot vositalariga ko`ngil ochar ko`rsatuvlar, bayram tadbirlari, reklamalarni olib tashlashni buyurdi. Shahar rahbari Vladimir Ilyuxin tergov idoralariga ro`y bergan fojiani batafsil o`rganish bo`yicha topshiriqlar berdi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar