Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Tadbirda Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari va professor-o`qituvchilari ishtirok etdi.
Andijon davlat tibbiyot institutining bakalavr va magistratura yo`nalishlarida 3 mingdan ziyod yoshlar tahsil olmoqda. Bu erda ta`lim-tarbiyada samaradorlikka erishish uchun barcha sharoit mavjud. Xususan, “Yosh ixtirochilar” klubining faoliyat yuritayotgani talaba-yoshlarning qiziqishlarini qo`llab-quvvatlash, bilimini boyitish, iste`dodini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Ochiq muloqot tarzida o`tgan tadbirda iqtidorli talabalar va yosh olimlarning rivojlangan xorijiy davlatlarda malaka oshirishiga ko`maklashuvchi ilmiy maslahat markazi hamda “Yosh ixtirochilar” klubining tajribalarini ommalashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat hokimi talabalarning savollariga atroflicha javob qaytardi. Bugungi globallashuv davrida doimo ogoh va sergak bo`lish, a`lo baholarga o`qish, ijtimoiy faol bo`lish bilan Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo`lida sidqidildan xizmat qilish zarurligini ta`kidladi.





