AsosiyShou-biznes

Akshay Kumar: “Shaxsiy hayotimga hech kim aralashmasligini istayman”

Karerasini model sifatida boshlagan bugungi qahramonimiz aktyor sifatida 1991 yilda “Va`da” filmi orqali kinoga kirib kelgan. Ayni paytda Akshay KUMAR ijod bilan qatorda prodyusserlik markaziga ham egalik qilmoqda... 

— Otangizning qaysi “oltin qoidasi” esdalik bo`lib qolgan?

— Otam harbiy edi. Shu sabablimi oilamizda  vaqtga nisbatan qat`iy munosabat shakllangan.  Bolaligimda soat tonggi 5 da uyg`onardim. Hamon erta uxlab vaqtida uyg`onishga harakat qilaman.

— Qaynotangiz Rajesh Kxanna bilan munosabatlaringiz haqida sira gapirmagansiz?

— Balki ko`p so`rashmagani uchundir. U kishini Tvinkldan avval taniganman. Rajesh sohib mening filmimga prodyusserlik qilgan. Bag`rikeng odam edi, hech qachon ko`pchilik orasida oilaviy munosabatlarni muhokama qilmasdi. Biz hamisha o`zaro do`stligimizni qadrlaganmiz. 

— Odatda qizlar turmush o`rtog`ida otasining qaysidir fazilatlarini izlaydi. Tvinkl ham shundaymi?

— Tina uchun ota-onasi hamisha birinchi o`rinda turgan. Bundan hech qachon xafa bo`lmaganman. Yana rafiqam hamisha “Mening ota-onam “Milliy mukofot” olishgan. Senga qachon berishadi?” deyishni kanda qilmaydi.

— Rafiqangiz bilan kelishmoqchiliklar haqida ko`p yozishgan. Bunday reklamaga muhtoj bo`lmasangiz kerak?

— Qachonlardir har bir qadamim haqida yozishlarini istaganman. Buni hech qachon inkor etmayman. Lekin bora-bora “qaniydi  meni tinch qo`yishsa”, deb o`ylashni boshlaysiz. Hozir shaxsiy hayotimga hech kim aralashmasligini istayman. Muammolarimizni rafiqam bilan hal qilish ko`proq yoqadi. Qolaversa, bolalarimiz biz haqimizda hamisha yaxshi fikrda bo`lishi hammasidan muhimroq.

— O`g`lingiz Aarav bilan suhbatlashib turasizmi?

— Albatta, men qattiqqo`l ota emasman. Lekin Tinaning bolalarimizga nisbatan ma`lum ma`noda taqiqlari bor. Shuning uchun Aarav ko`pincha men orqali chegarani bosadi. Qizim Nitara hali yosh bo`lgani uchun vakolati bor. Aarav mening kasbimni hali to`liq tushunib etmagan. Ko`pincha u maktabdan dastxat so`rashganini aytadi. Menimcha, o`g`limga ommaning e`tiborida bo`lish unchalik yoqmaydi. U endi 12 yoshga kiradi, sal ulg`aysin keyin soham haqida unga kengroq ma`lumot beraman.

— Rafiqangiz jiddiy ayol. U bilan hazil va chinning chegarasini belgilab olganmisiz?

— Hayotimiz hamisha tinch va osuda, desam yolg`on bo`ladi. Aslida oilada qandaydir tushunmovchiliklarning bo`lishi tabiiy. Tina bilan yashash zavqli, rosti, usiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Oilaviy dam olishlar, muhim sanalar, farzandlarimiz uchun maxsus kunlar uning hech qachon yodidan ko`tarilmaydi. Agar u meni ishga kuzatmasa nimamnidir uyda qoldirgandek his etaman.

— Komediyadan charchamadingizmi?

— Charchamadim! Lekin hozir “amplua”ni o`zgartirish vaqti kelganini sezyapman. Birxillik charxlanishga imkon bermaydi. Salbiy qahramonlarni o`ynagim kelyapti.

— Qaysi rejissyor sizdan ajoyib qahramon yasashiga ishonasiz?

— Sanjay Lila Bxansali! Uning taklifini ancha yillardan buyon kutayapman.

— Romantik edingiz...

— Hamon shundayman! “Titanik”ni qayta-qayta tomosha qilaman. Aytgancha, o`g`lim har safar “Dada, agar Keyt bo`lmaganida Leonardo  cho`kmasdi”, deydi. Nimagadir u Rozani yoqtirmaydi.

— Bollivudda yaqin do`stlaringiz bormi?

— Yaqinlarim ko`p. Lekin qadrdonlarim - maktabdagi do`stlarim. Ular uchun men Akshay emasman,  shunchaki  Rajiv Bxatiyaman! 

    Boshqa yangiliklar