Amerikalik aktyor Jeymi Foks yonayotgan avtomobil ichida qolib ketgan insonni qutqarib oldi, deb xabar beradi “TASS” CNN telekanali ma`lumotlariga tayanib.
Kaliforniya shtati post-patrul xizmati ma`lumotlariga ko`ra, YTH 18 yanvar, dushanba kuni aktyorning Ventura okrugida joylashgan uyi ro`parasida sodir bo`lgan.
Toyota Tacoma avtomobili haydovchisi katta tezlikda kelayotib, yo`l chetidagi ariqqa qulab,bir necha marta ag`darilgach, yonib ketgan. Aktyor Jeymi Foks va yana bir kishi zudlik bilan yordamga shoshilgan. Ular qo`l ostidagi bor asbob uskunalar yordamida avtomobil oynasini sindirib, xavfsizlik kamarini qirqib, 32 yoshli Brett Kaylni olib chiqishga muvaffaq bo`ldi.
O`t o`chirish xizmati xodimining aytishicha, ular yo`l-transport hodisasi yuz bergan hududga sal kechroq etib kelgan. Ular kelganida Toyota Tacoma avtomobili allaqachon olov ichida qolib ketgan edi.
“Haydovchini tezda shifoxonaga olib borishgan ekan. Mashina ichida undan boshqa hech kim bo`lmagan”, — dedi o`t o`chirish xizmati xodimi. “Hozirgi davrda bunday hatti-harakatlar qahramonlik dech baholanadi. Chunki hamma ham o`z hayotini xavf ostiga qo`yib, birovning hayotini saqlab qolishga jazm qila olmaydi”.
Foks Kventin Tarantinoning “Ozod etilgan Jango” filmidagi obrazi bilan tomoshabinlar mehrini qozongan. U shuningdek, “Yakkaxon”, “Muqaddasi Valentin kuni”, “Oq uyning hujumi” kabi filmlarda ham rollar ijro etgan.





