AsosiySUG'DIYONA

Jamshid Zokirov va Gavhar Zokirova: Qirq yillik muxabbat qissasi

Muhabbat nima? U qanday tuyg`u? Qo`l bilan ushlab, ko`z bilan ko`rsa bo`ladimi? Qandaydir balandparvoz javoblar izlashga shoshilmang! Muhabbat — munosabatlar uyg`unligi. Sodda, samimiy va beminnat rishta. Gavhar hamda Jamshid Zokirovlarning san`ati o`z yo`lida qadrli, lekin muhabbati chindan-da havasli, hurmatli! Gavhar opani tinglab zerikmaysiz, aksincha, ko`nglingizda o`zingizga nisbatan sokinlik va taskin paydo bo`ladi. Yana bir haqiqat — bu muhabbat yo`lida hech bir sahna o`ynalmagan yoki o`ylab topilmagan!

Endi-endi televideniega qatnayotgan kezlarim, aynan shu ikki inson bilan suhbat qilish uchun vaqt belgiladik. Belgilangan kun keldi, ammo menga va`da qilingan kamerani berishmadi. Qo`limda tayinli hujjatim bo`lmagani uchun televdinenie hududiga ham kirolmayman, telefonlarim esa javobsiz... Gavhar opa bilan Jamshid aka belgilangan vaqtdan 10 daqiqa oldin kelishdi. Men vaziyatni qanday tushuntirishni bilmasdim. Shu hadik, havotir va hayajon bilan 2 soatga yaqin vaqtni “Paxtakor” metro bekati oldida o`tkazdik. Shunda Jamshid aka “Qizim, sen bizdan xijolat bo`lmang, xafa emasmiz. Lekin keyingi safar mehmon chaqirganingizda sizni bunday noqulay ahvolda qo`yadiganlarga ishonmang”, degandi. Agar ularning o`rnida boshqa bir taniqli ijodkor bo`lganida, anchagina dakki eshitishim aniq edi. Bu mening keyingi ishlarimda yaxshigina saboq bo`lgandi.

Afsuski, hozir Jamshid aka oramizda yo`q. Bu gal faqat gavhar opaning o`zlari bilan hamsuhbat bo`loldim xolos. Bu munis, dilbar ayolning zavq va mung to`la hikoyasiga siz ham qulo tuting-a...

Unutilgan tarsaki va qat`iy qaror

Biz Jamshid aka bilan hamkurs edik. Yodgor Sa`diev, Oybarchin Bakirova, Marat Azimov, Saidkomil Umarov Jamshid akaning kursdoshlari edi. Men esa viloyatdagilar bilan birga o`qirdim. Lekin umumiy fanlarni birga o`tardik. Asosiy vaqtimni kutubxonaga sarflardim. Kunlarning birida Jamshid aka bir kuni “Yaxshimisan Gavhar”, deb yuzimdan o`pganida tarsaki tushirgan ekanman. Shunda u kishi “shu qiz meniki bo`ladi!” deb qaror qilgan ekan. To`g`risi, shu voqeani sira eslolmayman. Jamshid aka doim “nahotki eslolmasang?!” derdi.

“Sekinroq yuraylik, tuflidan oyog`im chiqib ketayapti

1971 yilning 9 mayi... O`shanda qaynotam kasalxonada edi. Betobligi tufayli bizni tezroq rasmiy nikohdan o`tishimizni istagan. Ikkimiz ham yosh edik. Men dugonamning bitiruv oqshomiga kiygan libosini so`rab olganman. Yana bir tanishim “fata” berganini eslayman. Jamshid aka ham o`rtog`idan kostyum-shim olgandi. Eng qizig`i, u Naufal akasining 43 o`lchamli oyoq kiyimini kiyib olgan. Tufli kattaligi sabab “sekinroq yuraylik, tuflidan oyog`im chiqib ketayapti”, degan so`zlari esimda.

U paytlarda chiroyli baxt uylari yo`q, Sergelidagi kichkina FHDYo bo`limida nikohimiz qayd etilgan. Luiza opamning turmush o`rtog`i Po`lat aka garmonchini olib kelganini ham eslayman. Yo`l bo`yi piyoda garmon ohanglari bilan kelganmiz. Jamshid akam “Odamlar ruslarning to`yi bo`layapti, degan xayolga boryapti, nimaga garmonchini olib kelibdi”, deya bir necha bor gapirgandi. Shu ketishda kasalxonaga borib qaynotamni ko`rgandik. “Fata”ni yuzimga tashlab kelinsalom qilganim yodimda.

Qaynotam “Hursandman bolalarim, baxtli bo`linglar!” deb duo qilgandi. Keyin bizni Naufal aka dasturxonga taklif qilgan. O`shanda ilk bor qaynog`am Botir Zokirovni ko`rganman. Oq kostyum-shimda kelib, bizga baxt tilagan.

“To`yda akam eshikning tagida qolib ketgan”

To`yimiz kuz oyida bo`ldi. Unga qadar “to`y qachon, bo`ladimi o`zi?” deb tanish-bilishlar, qarindoshlar bezor qilib yuborishgandi. Qaynotam vafot etgach, turmush o`rtog`im bilan ularning yon daftarchasini topib oldik. Bizni to`yimiz uchun qaynotam qarz olganini o`shanda bilganmiz. To`yimiz juda katta va fayzli bo`lgan. Vafotidan sal oldin dadam qarzidan qutulgan ekan. To`yda o`zimning akam eshikning tagida qolib ketgan. Shunda qaynonam “hoy, kelinning akasini ichkariga taklif qilinglar”, degani ham yodimdan chiqmaydi. Qaynotam juda chiroyli to`y qilib bergandi. San`atkorlar ko`p bo`lgan. Mukarrama Turg`unboeva ham kelgandi, Botir akam qo`shiq aytgan, Luiza opam rosa raqsga tushgandi...

Qirq yildan so`ng ko`rilgan to`y...

Bizning to`yimiz kinotasmaga olingandi, lekin hech qachon ko`rmagandik. Jamshid aka vafot etganidan keyin o`g`lim Javohir “Botir Zokirovning “Sedaya lyubov” qo`shig`ini kuylayman va unga to`yingizdan kadrlar olaman”, dedi. Hamma “to`yingizni ko`rdik”, dedi. Men ham oradan qirq yil o`tib to`yimni ko`rdim. Unga qadar biror marta ko`rmagandik. Yodgor Sa`diev kuyovjo`ra bo`lgandi, nimagadir o`qrayib o`tirgan ekan.

Sevgi — hayot haqiqatlarida pishadi

Hayotimizda hech sahna o`ynalmagan, hammasi yurakdan edi. Birovga ko`z-ko`z qilish uchun baxtiyor ko`rinmasdik, rostdan ham baxtli edik. Erimning tuflisini hammaning oldida tozalashga uyalmasdim, bog`ichlarini bog`lashdan faxrlanardim. Ayolning vazifasi erning ulug`ligini o`ziga isbotlab berish bo`lsa kerak. Sevgi — chiroyli gaplardan, balandparvoz afsonalardanmas, hayot haqiqatlarida pishadi. Men shunday buyuk qalb egasi bilan yashaganimdan baxtliman!

“Guli eringni olib qo`ydim-a?”

Odam qilgan yaxshiliklarini javobini kutishi shart emas. Hayotning o`zi hisob-kitob qiladi. Eslayman, Botir akamning tobi bo`lmaganida Jamshid aka bir yarim oy uyga kelmasdan kasalxonda aksining yonida bo`lgan. Xabar olishga borganimda Botir aka kulib “Guli, eringni olib qo`ydim-a?” derdi. “Yo`q, Botir aka siz salomat bo`lsangiz bo`ldi!” derdik. Jamshid aka kasal yotganida Farrux aka ularning yonida dalda bo`ldi. Bular shunday mehrli og`a – inilar edi...

“Qo`ying, sizga nima, derdim...”

Ba`zan nimalardandir norozi bo`lardim, e`tirozlarim bor edi. Lekin umr yo`ldoshim hech qachon og`rinmasdi. Kimgadir yordam bersa, nimagadir qayg`ursa “qo`ying, sizga nima?” degan paytlarim bo`lgan. Shunda Jamshid aka “Guli, unday dema, axir qo`limdan kelayaptiku! Menga qiyinmas”, derdi. Gapimdan uyalib qolardim. U kishidan ko`p narsani o`rgandim, yomon bo`lish oson, “yo`q”, degan so`zni aytish qiyin emas. Yaxshi bo`lish, odamlarga beminnat mehr berish — bu mehnat.

 “Bugun spektakl o`ynay olmayman”

Bir kuni Jamshid aka yotgan joyida “Guli, Yoqub akaga ayting, men bugun spektaklda o`ynay olmayman”, dedi. Yuragim ezilib ketdi, lekin “xo`p”, dedim-u tashqariga chiqdim. Hech kimga hech narsa deyolmasdim. Taqdirni qarang, o`sha kuni Yoqub Ahmedov qo`ng`iroq qilib, “qadrdonlarim, qalaysiz?” dedi. Jamshid akaning gaplarini aytdim. “Guli, bir teatrga olib kelmaysanmi?” dedi javoban. “Yo`q, endi kech... Odamlar ko`z o`ngida Jamshid akaning qiyofasi avvalgidek qolishini istayman!” degandim.

“Shu erdaman, men shu erdaman!”

So`nggi nafas... Xudodan qanday ahvolda bo`lsa ham erim hamisha yonimda bo`lishini so`raganman. Lekin bu taqdir, uni o`zgartirib bo`lmaydi. Hammamiz yig`ilganmiz, rozi-rizolik so`ralayapti... u kishining ko`ziga ko`rinmay qoldim, shekilli, yon-atrofga qarardi... Shunda qizim “Oyi, sizni qidirayaptilar”, dedi. “Shu erdaman, men shu erdaman”, dedim. Yuzida nim tabassum ko`rindi...

Faylasuflardan biri “Har bir buyuk erkakning orqasida buyuk ayol bor”, degandi. Gavhar opa ham ana shunday ayollardan. Yozayapman-u, Jamshid aka va Gavhar opaning birga yurgan lavhalari birma-bir ko`z o`ngimdan o`tayapti. Hamisha havas qilardim, suhbatlaridan zerikmasdim. Yozish uchun xotiralar ko`p, lekin... Ular o`zlarining dunyosida baxtiyor edi va muhabbati yo`lida mehnat qilishdan erinmasdi... 

    Boshqa yangiliklar